O‘zbekiston | 08:25 / 17.10.2018
6145
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tez tibbiy yordam boshqarmasining avtomatlashtirilgan tizimi yaratiladi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda: 

a) 2019 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahrida, 2019 yil 1 oktabrdan boshlab respublikaning qolgan hududlarida tez tibbiy yordam boshqarmasining quyidagi imkoniyatlarga ega avtomatlashtirilgan tizimini yaratadi va foydalanishga topshiradi: 

aholining chaqiruvlarini qabul qilish va ro‘yxatga olish, ustunlik tartibida xizmat ko‘rsatish lozim bo‘lgan chaqiruvlarni avtomatik belgilash; 

maxsus avtotransport harakatini boshqarish, shu jumladan, GPS-navigatsiyadan foydalangan holda, keyinchalik bosqichma-bosqich raqamli radioaloqaga o‘tish orqali avtotransport harakatini monitoring qilish; 

tez tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslar joylashgan joyni telefon (mobil) aloqasi orqali avtomatik aniqlash; 

tez tibbiy yordam yordam brigadalarini mobil ilovalar yordamida, shu jumladan, imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun chaqirish; 

foydalaniladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini hisobga olish; 

vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarni shoshilinch xizmatlarining axborot tizimlari bilan birlashtirish; 

fuqarolar tomonidan tez tibbiy yordam stansiyalari faoliyati samaradorligini baholash va ularning reytingini yuritish. 

b) Tez tibbiy yordam xizmati stansiyalarining Sall-markazlarini normativlarga muvofiq to‘liq jihozlash uchun 2018 yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar byudjyetlari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha telefon liniyalari (raqamlari) ajratilishini ta'minlaydi. 

Belgilab qo‘yilishicha: 

avtomatlashtirilgan tizimni ishlab chiqish va unga xizmat ko‘rsatish, texnik qo‘llab-quvvatlash va keyinchalik modernizatsiyalash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalari Vazirlikka yuklatiladi; 

avtomatlashtirilgan tizimning texnik va loyihaoldi hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlanadi; 

ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 16 martdagi PQ–2838-son qarorida belgilangan hajmlar va manbalarda moliyalashtiriladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid