21:54 / 18.10.2018
17902

Olmaliqda Rossiya universiteti filiali ochildi

Bugun, 18 oktabr kuni «Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar» Rossiya-O‘zbekiston birinchi ta’lim forumi doirasida Olmaliq shahrida Rossiya “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS” filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri shu haqda xabar berdi.

Ochilish marosimida Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri Mixail Kotyukov, O‘zbekiston oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, "MISiS" rektori Alevtina Chernikova va "OTMK" AJ boshqaruvi raisi Abdullo Xursanov kabi yuqori mansabdor shaxslar ishtirok etdi.

Ta’lim dargohida respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlanadi.

2018-2019 o‘quv yilining kunduzgi bo‘limiga «Tog‘ ishi», «Metallurgiya», «Ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish hamda boshqarish» yo‘nalishlari bo‘yicha 150 nafar talaba qabul qilindi.

Ushbu oliy ta’lim dargohida ta’lim berish jarayoniga mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda Rossiya va xorijdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarida pedagogik tajribaga ega bo‘lgan rossiyalik o‘qituvchilar ham jalb etilgan. Shuningdek, Moskva orqali onlayn tartibda dars mashg‘ulotlari ham o‘tkazib boriladi. 

Hukumat qarori bilan Farxodbek Yarkulovich Umarov filialga direktor etib tayinlandi. Farxodbek Umarov 2012-2017 yillarda Toshkent davlat texnika universitetida dekan, 2017-2018 yillarda esa I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent filialida o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. 

Umarovning aytishicha, ta’lim muassasasida nazariyot va amaliyot uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratiladi. “Filialning aynan kon-metallurgiya sanoati rivojlangan Olmaliq shahrida ochilishi ham bejiz emas”, deydi Umarov.

Ma’lumot uchun: filial bitiruvchilariga O‘zbekiston va Rossiyada oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “MISiS” MTTUning belgilangan namunadagi diplomi hamda IELTS sertifikati beriladi.

Mavzuga oid
Top