Bekatlar himoyachisi: “Munosabat o‘zgarmas ekan, kilometr kenglikdagi yo‘llar ham bizga yordam bermaydi”
“Toshshahartransxizmat” AJ nazoratchisi Munavvar Ozbekova qisqa muddat ichida internet qahramoniga aylandi. Ayniqsa, uning bekatlarga avtomobil qo‘yganlari kamlik qilgandek, tartibga chorlashga qo‘pollik bilan javob qaytaruvchi haydovchilarga qarshi o‘ziga xos kurashi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Uni yoqlaganlar ko‘pchilikni tashkil qilsa-da, bu harakatlarni qoralaganlar, vakolati bilan qiziqqanlar ham talaygina bo‘ldi.
KUN.UZ tahririyati Munavvar Ozbekova bilan qiziqarli suhbat uyushtirdi.
– Internet orqali lavhalaringizni ko‘pchilik kuzatmoqda. Qizig‘i, qarshiliklar va hatto tahdidlarga qaramay, bekatlarga avtomobil qo‘yuvchi qoidabuzarlarga qarshi o‘ziga xos tarzda kurashishni davom ettiryapsiz.
– Avvalo, bir narsani aytishni istardim – men bunday harakatlarni kecha yoki bugun boshlaganim yo‘q. Mana, yetti yildirki qoidabuzarlarga qarshi qo‘limdan kelganicha kurashib kelaman. Avval oddiy fuqaro, o‘zining faol pozitsiyasiga ega inson sifatida, keyinchalik bunda o‘zining manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot – “Toshshahartransxizmat” AJ xodimi sifatida. Lekin so‘nggi bir-ikki yil ichida bunday holatlar ham ko‘paygani singari, ijtimoiy tarmoqlardagi faollik ham kuchaydi.
Men bu tashkilotda jamoat transporti xodimlari – haydovchilar va konduktorlar nazoratchisi bo‘lib ishlayman. Men kabi xodimlar soni jamiyatimizda 25 nafar. Ko‘pchilik qoidabuzarlar ziddiyatli holatlarda “Sening bunday qilishga qanday vakolating bor?”, deb jahl bilan so‘rashadi. Kasbim taqozosiga ko‘ra, jamoat transportining bir maromda harakatlanishi uchun bunday qoidabuzarliklarga qarshi kurashishga haqqim bor, deb hisoblayman.
– Tashabbusingizga rahbarlaringizning munosabati qanday?
– Dunyo bo‘yicha barcha rivojlangan shaharlarda yo‘llarning o‘ng tarafi, ayniqsa, bekatlarga tutash hududlar jamoat transporti uchun ajratiladi. Tig‘iz vaqtlarda yirik avtobuslarimizda 80-100 nafarga yaqin yo‘lovchi bo‘ladi. Biz avtobuslarning o‘z vaqtida har bir bekatga yetishi, oralaridagi interval me'yorda, tezlik bir maromda bo‘lishini ta'minlashimiz shart. Agar biror qoidabuzar tomonidan bekat to‘sib qo‘yilsa, bu faqat ayni paytda kelgan avtobusgagina emas, umuman butun izchillikka ta'sir qiladi. Tabiiyki, avtobus haydovchilarining asabi buziladi, axir ular erta tongdan juda kechgacha ishlashadi-da. Shu bois rahbariyatim bu tashabbusni nafaqat to‘g‘ri qabul qiladi, balki har taraflama qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun jamiyatimiz rahbari Mohir Kamolovich Valiyev tomonidan Toshkent shahri IIBBga maxsus xat ham yo‘llangan va har kuni o‘rtacha 50-60ta qoidabuzarlikni qayd etuvchi video yo‘llanmoqda. Ishonamanki, bu nafaqat masalaga e'tibor qaratish, balki muammoni yechishda ham xizmat qiladi.
– Nima deb o‘ylaysiz, bizda ham jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar qilish vaqti yetmadimikan?
– Avtomobillar ko‘paygani singari tirbandliklar soni ham oshib boraveradi, bu tabiiy. Lekin bizdagi tirbandliklar nafaqat avtomobillar ko‘paygani uchun, balki haydovchilarimizning elementar, yo‘lda yurish madaniyati yo‘qligi uchun paydo bo‘lmoqda. Alohida yo‘lak qilish g‘oyasi bo‘lgan, hozir ham bor. “Oloy” bozori oldida, Amir Temur shohko‘chasida sariq liniyali alohida yo‘l jamoat transporti uchun ajratilgandi. Lekin bu yo‘l haydovchilarning qatorasiga mashina qo‘yib ketishi uchun maydonchaga aylanib qoldi. Agar biz o‘z haydovchilik madaniyatimizni oshirmas, munosabatni o‘zgartirmas ekanmiz, kilometr kenglikdagi yo‘llar ham befoyda. Buning uchun har birimiz harakat qilishimiz, haydovchilar ongiga yetkazishimiz kerak.
Avvaliga “Matiz” haydovchisi bilan, so‘ngra “Damas” boshqaruvchisi bilan mojaro aks etgan ikki videoni olaylik, haydovchilar nafaqat yo‘l harakati qoidalarini, balki oddiy odob, O‘zbekiston qonunlarini ham mensimasligini ochiq oshkor etishgan. Meni eng qiynagani – hamma loqayd qarab turgani bo‘ldi. Atrofimda shuncha erkaklar, hatto ichki ishlar xodimi ham bor edi. Lekin hech kim, umuman hech kim tarafimni olmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham harakatlarimni haqorat qilganlar bo‘ldi. Men bunday insonlarni o‘z taqdiriga befarq, ertaga ko‘z oldida bir go‘dak avtomobil ostida qolib nobud bo‘lsa-da, biror yordam berishni istamaydigan loqaydlar deb hisoblayman.
– Shu o‘rinda jamoat transporti haydovchilarining o‘zi ham qoida buzishlarini qayd etib o‘tish lozim.
– Albatta, ular orasida ham qoidabuzarlar uchraydi. Bekatda me'yordan ortiqcha turib qolish, belgilanmagan joyda to‘xtab yo‘lovchi tushirish yoki olish, telefonda gaplashish, chekish kabi qoidabuzarliklar ayrim haydovchilarning odat tusiga kirgan. Biz ularga ham qarshi intizomiy choralar ko‘ramiz.
– Oxirgi savollar: o‘sha “Matiz” yoki “Damas” haydovchilari sizdan uzr so‘rashdimi, bundan keyin ham bunday lavhalar olishda davom etasizmi?
– “Matiz” haydovchisining o‘zi emas, do‘stlari kelib uzr so‘rashdi va uning bu harakatini “kayfiyati yo‘q bo‘lganligi” bilan izohlashdi. “Damas” haydovchilariga men oldin ham tushuntirgandim. Lekin bu holat qaytalanaverishi shu mojaroga sabab bo‘ldi. Keyinchalik men o‘z da'vomdan voz kechdim. Ammo ularning jazolanish-jazolanmasligi menga bog‘liq emasdi. Sudda o‘zim qatnashmadim, shahar IIBB hujjatlarni taqdim etdi va qoidabuzarlar jazolandi.
O‘zimning kelgusidagi rejalarimga kelsak – o‘sha “Damas” haydovchilari bilan tortishayotganimda, ular ochiqdan ochiq hujum qilayotganlarida hech kim yordamga kelmagani menga juda qattiq ta'sir qildi. Bunday harakatlarimni davom ettiraman albatta, lekin boshqacha uslublar bilan.
Alisher Ro‘zioxunov, Abror Zohidov.
Fotomuxbir: Ma'ruf Asqarov
KUN.UZ
Mavzuga oid
18:17 / 22.11.2024
«Toshshahartransxizmat»ga yangi rais tayinlandi
23:59 / 16.08.2024
Toshkentda avtobuslar tezligi 50 km/soatgacha cheklanadi
07:56 / 19.07.2024
Toshkentda «G‘alabaning 40 yilligi» avtobus bekati qulab tushdi
16:31 / 09.04.2024