Jamiyat | 20:30 / 20.10.2018
38324
8 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylarni isitish tizimining holati qanday? Andijon misolida masalaga yondoshuv

Qishning sovuq kunlari yaqin. Endi aholi xonadonlari, ayniqsa, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni isitish muammosi kun tartibidagi dolzarb mavzuga aylanadi.  KUN.UZ tahririyatiga Andijon viloyati, Izboskan tumani, Mirzo Ulug‘bek MFY hududidagi 12ta ko‘pqavatli uylar joylashgan kichik dahadan murojaat kelib tushdi. Arznomada keltirilishicha, yuqoridagi kichik dahaning ko‘p qavatli uylaridagi issiqlik tizimiga ulangan temir quvurlarni tuman “Issiqlik manbai” xodimlari uzib, mashinalarga yuklayotganida, aholi tomonidan to‘xtatib qolingan ekan. Ko‘rinishidan oddiygina bo‘lgan muammoni borib o‘rgandik.

Aslida, bu katta muammo emas ekan, lekin...

Kichik dahada 12 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Har bir uyda 16 tadan xonadon mavjud. Har bir uyda kamida to‘rttadan odam borligini taxmin qilsak, kichik dahada mingga yaqin odam yashaydi. Tuman “Issiqlik manbai” rahbari G‘ulomjon Begaliyev mazkur uylarga markaziy qozonxonadan tortilgan quvurlarni kesib, yuklashni boshlaganida aholi qarshilik qiladi va u quvurlarni ma'lum qismini olib keta olmaydi.

Kichik dahaga borganimizdan so‘ng, tuman hokimi o‘rinbosari Jamshidbek Bozorboyev ham yetib keldi. Mutasaddi endigina ish boshlabdi. U hali quvurlar nega kesilayotganidan bexabar ekan.  U tuman “Issiqlik manbai” boshlig‘ini chaqirtirdi.

Suhbat davomida aniqlashimizcha, Izboskan tumani hokimi Akmaljon Jalolov kichik dahadagi ko‘p qavatli uylarda keng qamrovli ta'mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan viloyat “Issiqlik manbai” DUK boshlig‘iga hududda ishlamay, abgor holatda turgan qozonxona binosi va issiqlik quvurlarini buzib olib chiqib ketish bo‘yicha “Aloqa xati” bilan chiqqan. Tuman hokimi xatida haqiqat bor edi. Chunki katta binodagi o‘sha markazlashgan qozonxona yaroqsiz, undan uylar tomon o‘rgamchak to‘ri misol chuvalashib tortilgan quvurlar ham ancha paytdan beri ishlamay turganligi uchun faqat ko‘rinishni xunuk qilib turgan edi, xolos.

Aholi vakillari uchun hududdagi issiqlik quvurlarini uzib, tashib ketayotgani aholi uchun tushunarsiz bo‘lgach, qarshilik qilgan. Lekin, quvurlar “Issiqlik manbai” balansida turadi. Korxona xodimlari to‘g‘ri ish tutishgandek... Xonadon sohiblaridan biri Rashida Mamarasulova uzoq yillar oldin quvurlar uchun yashovchilardan pul yig‘ilganini ham aytdi. Gap bunda ham emas.

Andijon “Issiqlik manbai” DUK boshlig‘i Muhammadzohid To‘xtaboyev bilan bog‘landik. Mutasaddiga muammoni tushuntirganimizda u quvurlar tuman hokimining “Aloqa xati”ga asosan olinayotganini aytdi. Biroq tashkilot aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib bormagani uchun mana shunday g‘avg‘o chiqqan. “Nega ko‘p qavatli uylarga yangi, zamonaviy isitish tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha loyiha taklif qilmadinglar?”, degan savolimizga, “Yig‘ilish o‘tkazib, tushuntirilgan”, degan javobni oldik. Bu rahbar ham yaqinda tayinlangan ekan. Aholi vakillari butunlay boshqa mavzuda yil boshida, boshqa mutasaddi uchrashuv o‘tkazganini aytdi.

Aholini qiynayotgan asosiy muammo shundaki, ko‘p qavatli uylarni tomlari, tashqi fasadi kredit asosida ta'mirlanyapti. Biroq issiqlik tizimi haqida hech kim bosh qotirayotgani yo‘q. “Dom”da markazlashgan issiqlik tizimi bo‘lmasa, ular yashash xonadonlarini qanday isitadi?”. Savolga javob oddiy. Aholi ovqat pishirish uchun mo‘ljallangan gaz plitasi duxovkasini tinmay yoqib yoki o‘sha “otam zamonidan qolgan” “burjuyka” pechka qurib qishni chiqaradi. Yoki gaz plitasini ovqat pishiradigan komforkalarini yoqib isitadi. Kvartiralar qorayadi. Xavfsizlik masalasi undan-da muammoli holat. Yong‘in chiqish xavfi oshib ketadi.         

 “Issiqlik manbai” deyarli ishlamayapti. Ishga yangicha yondoshish payti yetib kelmadimi?

Aholining quvurlarni tashib ketilishi bo‘yicha noroziligiga sabab, odamlarga isitish tizimi uchun yangi loyiha taklif qilmasdan quvurlarni olib ketilishidagina emas.

Muammo kattaroq. Tuman va shaharlarimiz ko‘p qavatli uylardan iborat kichik dahalarda sobiq ittifoq davridagi markazlashgan qozonxonalar hozirgacha mavjud. Ma'nan eskirgan, ko‘p energiya sarf qilib, kam issiqlik tarqatishi, past rentabelligi sabab, mazkur tizim deyarli juda ko‘p joyda ishlatilmay qo‘yilganiga ancha yillar bo‘ldi.

Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning har bir podezdiga zamonaviy “individual” isitish qozonxonalari o‘rnatilmoqda. Ikki konturli ana shunday qozonxona bir paytning o‘zida xonadonlarni issiqlik va issiq suv bilan ta'minlaydi. Eng asosiysi, bu isitish uskunalari kam yoqilg‘i sarflaydi, samarali. Mutaxassislarning fikricha, bitta yo‘lakka ana shunday tizim o‘rnatish uchun 10 million so‘m mablag‘ talab qilinadi.

Deylik, o‘sha Izboskan tumanidagi 12 ta uch va ikki qavatli uylarning bittasida 12-16 tadan xonadon bor. Qish mavsumida har bir xonadonda bittadan gaz komforkasi yoqilishi natijasida uy isitiladi. Har bir pod'yezdga zamonaviy qozonxona o‘rnatilsa, yoqilg‘i sarfi necha barobar tejalishi kundek ravshan. 16 ta kvartiraga ketayotgan gaz hajmi to‘rtta pod'yezddagi zamonaviy qozonga sarflanadi. Xonadonlar isib, issiq suv ham  bo‘ladi.

O‘zbekistondagi qanchadan qancha ko‘p qavatli uylarda besamar yoqilg‘i sarflanayotganini va uning umumiy hajmini hisoblab ko‘ring-a?! Tabiiy gaz tanqisligini bosh sababi o‘zimiz - undan foydalanishda samarali, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilmayotganimizda emasmi?! Buning uchun hokimlik va boshqa mutasaddi tashkilotlar yangilikka intilishi va zamon talabidagi isitish tizimini aholi xonadonlariga loyiha sifatida joriy qilish lozim.       

Joylardagi “Issiqlik manbai” deya atalmish korxonalar o‘z vazifasini bajara olmay qolgan. Bu korxonalarda yangi texnologiyalarni aholi o‘rtasida targ‘ib qilish va tizim orqali o‘rnatish g‘oyalari allaqachon yuritilishi kerak edi. Shirkat xo‘jaliklari esa yangi isitish tizimi masalalarini o‘z bo‘ynilariga olishga qodir emaslar.

O‘zbekistonning shahar va tumanlaridagi ko‘p qavatli uylar aholisi har qish hayot uchun eng zarur bo‘lgan muammoga duch  keladi. Tuman va shahar hokimliklari mazkur masalada yozning issiq kunlarida o‘ylanishlari kerak edi. Buyog‘iga, yana qish yaqin... 

Elmurod Ermatov, Andijon.
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid