Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navoiyda noqonuniy o‘tkazilgan auksion qayta tashkil etiladimi? Viloyat prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘adi
Shu yilning 1 avgust kuni Kun.Uz tahririyatida “Navoiyda o‘tkazilgan auksionda prezident qarori buzildi?!” sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.
Unda Prezidentning shu yil 16 martida imzolagan PQ-2841-sonli qarori ijrosi joylarda qanday amalga oshirilayotgani, xususan Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan “Sarmish” xo‘jaligini kim oshdi savdosi orqali tadbirkorlarga sotish chog‘ida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar haqida so‘z borgan edi.

Jumladan, tumanning sobiq hokimi Bobonazarov tomonidan nizom talablariga zid ravishda o‘tkazilgan auksionlarning (aslida o‘tkazilmagan) soxta bayonnomalari asosida “Sarmish” sh/x mulkini tadbirkorlarga taqdim etishga doir qarorlarga imzo chekkani, dastavval 400 mln so‘mga kim oshdi savdosi orqali sotilgan mol-mulk keyinchalik 19 mln so‘m evaziga berib yuborilgani, Prezident qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 13- va 31-bandlari talablari buzilgani, tuman va viloyat prokuraturasi tomonidan bu kabi qonunbuzarliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmagani, “Sarmish” shirkat xo‘jaligi balansida bo‘lgan 2 ming boshdan ortiq qo‘y-echki sun'iy ravishda ko‘rsatilgan 15 ming qo‘y-echki bilan birga “bedarak g‘oyib” bo‘lgani haqida axborot berilgan, fermerlar va MChJlarning huquqlari buzilishi qachongacha davom etishiga doir haqli savol o‘rtaga tashlangan edi.
Kun.Uz tahririyati sayyor guruhi yuqoridagi maqolada jamoatchilik e'tiboriga havola qilingan muammo yuzasidan viloyat davlat idoralari tomonidan qanday ishlar, o‘rganishlar amalga oshirilganini joyida aniqlash maqsadida ushbu mavzuni yana bir bor o‘rgandi. Odatdagidek, dastavval, huquqlari buzilgan fermerlardan biri bilan uchrashdik.

“Sizlar kelib ketgandan so‘ng, mutasaddilar bizning muammolarimizga qiziqish bildira boshlashdi. Biroq, hozircha, deyarli hech narsa o‘zgargani yo‘q. Bir hokim kelib 1320 gektar yer bergan edi, mayda shoxli chorvachilik bilan shug‘ullanishim uchun. Toshkentdagi ta'sischimiz tomonidan kiritilgan 750 mln so‘mni sarflab bo‘ldim. Afg‘oniston va Rossiyadan 4-5ta qo‘zi beradigan zotdor qo‘ylardan olib kelmoqchi edim. Buning uchun shartnomalar tuzib qo‘ydim. Shunga binoan qurilish ishlarini olib bordim.
Navbahor tuman birjasidan kelib, 15ta ish o‘rni yarataman, deb aytgansiz, shu haqda tilxat bering, deydi. Hisobot berishi kerak ekan. Buning uchun javob beraman, axir. Men aytgan bo‘lsam, oldingi biznes rejamga asoslanib aytganman. 15ta emas, qoq dashtni o‘rtasida 20ta ish o‘rni tashkil etish istagida edim. Ammo, auksionda ishtirok etdim, ammo uning natijasida men oldin tender asosida olgan yerimdan ham ajraldim. Endi, sarmoyadorlarim pulini talab qilishyapti. Ularning aytishicha, 1,5 yil ichida qilgan ishlarimdan samara va natija ko‘zga tashlanmagan”, - dedi To‘lqin Eshnazarov.
Biz MChJ ta'sischisining nima uchun sarmoyasini olib chiqishga qaror qilganini bilish maqsadida “Business Development Consulting” firmasining yuristi Nurmuhammad Saidahmadovga murojaat qildik.

“Bizning korxona rahbariyati Navbahor tumanidagi “Olchin Agro Eksport” MChJ muassisligidan chiqib, unga taqdim etgan 750 mln so‘m pulni qaytarib olishga qaror qildi. Sababi shundaki, nazarimizda, bu tumanda qonun ustivorligi ta'minlanmayapti, tadbirkorlarga faoliyatlarini normal tartibda olib borishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmayapti. Albatta, bu fikrlar “Olchin Agro Eksport” MChJ faoliyati tahlili bilan bog‘liq”, - dedi “Business Development Consulting” yuristi Saidahmadov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat prokuraturasi vakili tuman hokimi qarorlariga nisbatan protest kiritish rejalashtirilayotgani haqida ma'lum qilgan.

Ta'kidlash o‘rinliki, Kun.Uz saytida e'lon qilingan maqolada bildirilgan faktlar o‘z tasdig‘ini topgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan maqolada yoritilgan muammolarni o‘rganish jarayonida qonunbuzarliklar aniqlangan va jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Viloyat prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Kozim Koziyev Kun.Uz muxbiri bilan muloqotda shu haqda ma'lum qildi.
Uning bildirishicha, viloyatning Navbahor tumanidagi “Sarmish” xo‘jaligi mulklarini auksion orqali tadbirkorlarga sotishda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar, shunga doir maqola e'lon qilinganidan so‘ng, jiddiy tarzda o‘rganib chiqilgan hamda O‘zR Jinoyat kodeksining 205-moddasi, ya'ni hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Koziyev, tergov harakatlari olib borilayotgani bois, tumanning qaysi mutasaddilariga qarshi jinoiy ish ochilganiga oydinlik kiritmadi.
Koziyevga ko‘ra, ayni vaqtda mazkur jinoiy ish yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Shu munosabat bilan auksionda o‘z huquqlari poymol etilgan, deb hisoblovchi tadbirkorlar ariza bilan viloyat prokuraturasi tegishli bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.
Ma'lumki, O‘zR Jinoiy-protsessual kodeksi 322-moddasi, 3-bandiga muvofiq, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar ham jinoiy ish qo‘zg‘atishga sabab va asos bo‘lishi belgilangan.
Mavzuga oid
09:31
Ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan “soxta prokuror“ ushlandi
23:10 / 30.05.2026
Navoiyda ming dollar porani rad etgan YPX xodimi mukofotlandi
23:50 / 19.05.2026
Navoiydagi konda yashirincha oltin qazish bilan shug‘ullangan guruh ushlandi
17:53 / 11.05.2026