Light | 23:01 / 20.10.2018
35003
4 daqiqa o‘qiladi

Yuragi xastalar hayotlarini qanday uzaytirishlari mumkinligi ma'lum qilindi

Foto: depositphotos.com

Infarkt, ishemiya yoki insultni boshdan kechirganlar hayotlarini maksimal uzaytirish uchun bir joyda o‘tiravermasdan, har 20 daqiqada juda bo‘lmasa kichik harakatlarni amalga oshirib turishlari lozim. Bunday fikrni Kanada kardiovaskulyar jamiyati kongressida nutq so‘zlagan olimlar bildirishgan.

“Tadqiqotimiz yuragi xastalar har 20 daqiqada o‘rinlaridan turib, keyingi 7 daqiqani yengil jismoniy faollikka ajratishlari kerakligini ko‘rsatdi. Agar vaqti-vaqti bilan o‘rnidan turib, xona bo‘ylab yursa ham kuniga 770 kilokaloriya yo‘qotish mumkin”, deb aytgan Alberta universitetidan Aylar Ramadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasiga ko‘ra, yurak va qon tomiri kasalliklari, jumladan infarkt, insult va surunkali yurak yetishmovchiligi global darajada odamlar o‘lishining bosh sababi hisoblanadi. Har yili bu kasalliklardan 17 mlnga yaqin odam vafot etadi va bu kasalliklar rivojlanishining bosh sabablaridan biri gipertoniya (yuqori qon bosimi) va tomirlardagi u bilan bog‘liq muammolar hisoblanadi. 

Jismoniy faollikning past darajasi keksa yoshda yurak xurujlarining tez-tez bo‘lishi, infarkt, insult, suyaklar bilan muammolar hamda organizmda xolesterin va boshqa zararli moddalarning to‘planishi bilan bog‘liq boshqa muammolar va kasalliklar, surunkali yallig‘lanishlar avj olishining sabablaridan biri hisoblanadi. Olimlar kuzatuvlarining ko‘rsatishicha, jismoniy yuklamalar darajasining biroz oshishi ham yurak va tomirlar bilan bog‘liq muammolar va infarkt rivojlanishi imkonini bir necha marta kamaytiradi.

Ramadi va uning hamkasblari minimal jismoniy faollikning qanday darajasi insult yoki infarktni boshdan kechirganlar hamda vaqtining katta qismini kursida o‘tirib yoki divanda yotib o‘tkazuvchilarga foydali bo‘lishi mumkinligini bilishni istashgan.

Ular bu maqsadda koronar yetishmovchilikdan aziyat chekuvchi 132 ko‘ngillidan iborat guruh to‘plab, ular nima qilishlari va qanchalik ko‘p harakat qilishlari ortidan kuzatuv olib borishgan. Buning uchun olimlar har bir ishtirokchiga ularning faolligi darajasi ortidan kuzatuvchi va bu haqdagi ma'lumotlarni olimlarga uzatuvchi braslet-soatlar tarqatishgan.

Olimlarni bunday yurak xastaliklariga uchragan va uchramagan odamlarda jismoniy faollik darajasi qanchalik farq qilishi qiziqtirgan. Kuzatuvlarning ko‘rsatishicha, yurak xastaliklariga uchraganlar me'yordan ancha kam harakatlanishgan va sog‘lom kishilarga nisbatan 770 kilokaloriya kamroq yo‘qotishgan.

Olimlarning fikricha, bu organizmda xolesterin va zararli yog‘larning to‘planishiga olib kelgan. Bu moddalarning barchasi qon tomirlari devorlarida o‘rnashib, takroriy infarkt yoki insult yuz berishi imkoniyatini sezilarli oshiradi.

Har 20 daqiqada o‘rindan turib, ofis, kvartira yoki tabiat qo‘ynida shunchaki piyoda yurib, bu kasalliklardan qochish mumkin. Bunday holatda xurujning takroran yuz berishi xatari minimal ko‘rsatkichlargacha pasayar ekan. 

Mavzuga oid