Sport | 18:00 / 21.10.2018
11828
2 daqiqa o‘qiladi

«El-Klasiko» 11 yil ichida ilk marta Messi va Ronaldusiz o‘tadi

Foto: Albert Gea / Reuters

«Barselona» hujumchisi Lionel Messi 28 oktabr kuni Madridning «Real» klubiga qarshi uchrashuvda maydonga tushmasligi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda «Barselona»ning rasmiy saytida e'lon qilingan.

Argentinalik futbolchi Ispaniya chempionatining 9-turida «Sevilya»ga qarshi o‘yinda qo‘lidan jarohat olgandi. Klub shifokorlari Messining o‘ng qo‘lining tirsak qismi singanini tasdiqlashgan. Endi futbolchi 3 haftagacha maydonga qayta olmaydi.

Endilikda, Messi «Barselona»ning kamida 6 o‘yinini o‘tkazib yuboradi, jumladan «Real»ga qarshi «El-Klasiko» o‘yinini ham. YeChLda esa «Inter» bilan bo‘ladigan 3-4 tur bahslarda ham (24 oktabr va 6 noyabrda) Messi bo‘lmaydi.

Shu tariqa, «Barselona» va «Real» o‘yini keyingi 11 yil ichida ilk marta Lionel Messi va Krishtianu Ronaldusiz o‘tkaziladi. Portugaliyalik futbolchi 2018 yil yozida Turinning «Yuventus» klubi safiga o‘tib ketgandi.

Ma'lumot uchun, Messi «El-klasiko»lar tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. U «Barselona» va «Real» o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda jami 18ta gol urgan.

«El-klasiko» bahsi oxirgi marta bu ikki futbolchisiz kechishi oxirgi marta 2007 yilning 23 dekabrida kuzatilgan. O‘shanda madridliklar «Kamp Nou»da kataloniyaliklarni 1:0 hisobida dog‘da qoldirgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid