Jamiyat | 14:42 / 22.10.2018
35353
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat turizm qo‘mitasi Turkiyaga yo‘l olayotgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi

Foto: travel.atom-tur.ru

So‘nggi vaqtlarda Turkiyaning dengiz sohilida joylashgan ta'til – dam olish maskanlaridagi shaharlarida Istanbul shahridan avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport vositalari bilan qatnayotgan sayyohlar soni tobora ortib bormoqda va turizm mavsumi vaqtida haydovchilarning tezlikni oshirishi, kech vaqtlarda – kechalari yo‘lga chiqishi va haydovchilarning avtomobil haydash vaqtida uxlab qolishi sabablari bilan avtohalokatlar soni tobora ortib bormoqda, deb xabar qilmoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Turkiya Respublikasi Statistik qo‘mitasi chop etgan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda Turkiya avtomobil yo‘llarida 1 202 716 avtohalokat sodir bo‘lgan bo‘lib, 300 383 kishi jarohatlangan va 7427 kishi qurbon bo‘lgan. 2017 yilda avtohalokat oqibatida vafot etgan kishilarning 43,2 foizi haydovchilar, 34,2 foizi yo‘lovchilar va 22,6 foizi piyodalardir. Avtohalokatlarning 67,4 foizi kunduz kuni, 30 foizi kechasi va 2,6 foizi kun botganida sodir bo‘lgan.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, shuningdek, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash va ogohligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Turkiyaga sayyoh sifatida dam olish uchun yo‘l olayotgan o‘zbekistonlik sayyohlarga imkon qadar Toshkent – Antaliya – Toshkent, Toshkent – Istanbul – Antaliya – Istanbul – Toshkent aviaqatnovlari bilan borishlarini, Turkiyaning dengiz sohillarida joylashgan dam olish maskanlaridagi shaharlariga Istanbul shahridan avtobus yoki mikroavtobuslar bilan borish istagi bor sayyohlarga imkon boricha faqat kunduzgi vaqtlarda yo‘lga chiqishlarini va haydovchining holati va sog‘ligiga e'tibor berishlarini (uzoq yo‘llarda qoida bo‘yicha ikkita haydovchi bo‘lishi kerak) tavsiya etdi.

Mavzuga oid