O‘zbekiston | 15:32 / 23.10.2018
8269
2 daqiqa o‘qiladi

Hayoti uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga tibbiy yordamni asossiz rad etish jarima bilan jazolanadi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 sentabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentabrda ma'qullangan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi quyidagi mazmundagi 59(1)-modda bilan to‘ldirildi:

«59(1)-modda. Hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish

Hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga tibbiyot tashkilotlarida qonunga yoki maxsus qoidalarga muvofiq shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishi kerak bo‘lgan shaxs tomonidan shunday yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish – fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, –

fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid