O‘zbekiston | 19:29 / 23.10.2018
13383
5 daqiqa o‘qiladi

​O‘zbekistonlik razvedkachilar «​Kembriya patruli»​ tanlovida g‘olib bo‘lishdi​

15−17 oktabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari guruhi Buyuk Britaniyada razvedka bo‘linmalari o‘rtasidagi «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida ishtirok etib, xalqaro tanlovda birinchilikni qo‘lga kirit​ishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, musobaqada 34 davlatdan 123ta jamoa qatnashdi. «Kembriya patruli»  40 yildan buyon Uelsda an'anaviy ravishda o‘tkazib kelinadigan musobaqa hisoblanadi. Ushbu tanlov dunyo harbiy xizmatchilari ichida o‘tkaziladigan eng murakkab va nufuzli tadbirlardan biri hisoblanib, uni maxsus bo‘linmalarga saralash jarayoni bilan ham taqqoslashadi. Bunda asosiy e'tibor harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga qaratilgan.

Ishtirokchilar Kembriya tog‘larida to‘liq jangovar qurollangan holda hech qanday navigatsiya vositalarisiz kamida 25 kg yuk bilan 70 km masofani bosib o‘tishda 1500 m balandlikka ko‘tarilib, 1000 m tik nishablikni 48 soat ichida bosib o‘tishlari lozim.

2017 yilda mazkur musobaqada 29 mamlakatdan 139ta jamoa qatnashgan edi. Unda birinchi marta ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni zabt etgan bo‘lsa, bu yilgi tanlovga qat'iy tayyorgarlik va aniq maqsadlar bilan borgan harbiylar mezbon davlat vakillari bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Ikkinchi o‘rin Buyuk Britaniya, Hindiston va Fransiya jamoalariga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Buyuk Britaniya va Qozog‘istondan kelgan jamoalar egalladi. Qiziqarli jihat, ushbu tanlovda Angliyaning 90ta jamoasi ishtirok etgan. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida g‘oliblarni sharaflashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy mamlakat elchixonalarining harbiy attashelari, g‘olib jamoa va ularning yaqinlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Kecha, 22 oktabr kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida «​Kembriya patruli»​ tanlovining g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov mamlakatimizga oltin medallar bilan kelgan g‘olib jamoa a'zolarini qutladi va o‘tgan yillarga nisbatan vazirlik qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bir necha marta ham sifat, ham soni bo‘yicha ko‘paygani evaziga mana shunday yutuqlarga erishilayotganini ta'kidladi.

«​Prezidentimizning joriy yilda Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismga tashrifi davomida o‘tgan yilda “Kembriya patruli” tanlovida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan qo‘shin razvedkachilarimiz bu yilda, albatta, g‘oliblik shohsupasini egallab, yorug‘ yuz bilan Vatanga qaytishga va'da berishgandi va buning uddasidan chiqishdi. Bir haqiqatni tan olishimiz kerak – bunday g‘alabaga Vatanni sevmasdan, unga sodiq bo‘lmasdan erishib bo‘lmasdi»,​ – dedi Abdusalom Azizov.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan g‘olib harbiy xizmatchilarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirildi. To‘qqiz nafar tanlov g‘olibi O‘zbekiston mudofaa vazirining “Namunali xizmati uchun” ko‘krak nishoni hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shin razvedkachilari 2017 va 2018 yilda III va IV Xalqaro armiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqalarning «​Qo‘shin razvedkasi a'lochilari»​ tanlovida ikki yil davomida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi.

Mavzuga oid