15:26 / 24.10.2018
20675

Ronalduning Manchesterdagi g‘alabali qaytishi. YeChLda 3-tur natijalari

23 oktabr oqshomida Yevropa Chempionlar ligasida «E», «F», «G» va «H» guruhlarida 3-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Krishtianuning Manchesterga qaytishi va oqshomning boshqa voqealari keltiriladi.

Ishonchli «Bavariya» va irodali «Ayaks»

E guruhi
AYeK – «Bavariya» – 0:2
Gollar: 0:1 – 61 Martines, 0:2 – 63 Levandovski.
AYeK – Barkas, Bakakis, Lambropulos, Chigrinskiy, Xult, Galanopulos (Rodrigo Galo, 84), Simoynsh, Mantalos (Alef, 76), Klonaridis (Boyye, 64), Bakasetas, Ponse.
Bavariya – Noyyer, Kimmix, Zyule, Xummels, Rafinya, Xames (Gorettska, 62), Martines, Alkantara, Robben, Levandovski (Vagner, 84), Gnabri (Myuller, 75).

«Bavariya» bosh murabbiyi Niko Kovach uchun hozir har bir o‘yin minali maydonda kechmoqda. Birgina xato uning jamoadagi taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Xorvatiyalik mutaxassisni Arsen Vengerning soyasi ta'qib etmoqda. Shu tufayli, Afinaga, Gretsiya chempioni va guruhi autsayderi bo‘lmish AYeK jamoasiga qarshi o‘yinga jamoa jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelgandi.

Myunxenliklar hech qachon Gretsiyada mag‘lubiyatga uchrashmagan, jamoaning bu safargi Elladaga tashrifi hisob bo‘yicha o‘ninchisi bo‘ldi (+8=2). Birinchi bo‘limda «Bavariya» to‘la ustunlikka erishgan bo‘lsada, hisob ochilmadi. Maydon egalari bir soat chidab berishdi, keyin esa jamoa nokautga uchratildi.

61-daqiqada jarima maydonida turgan Xavi Martinesga to‘p noqulay tarzda kelgan bo‘lsada, u to‘pni darvoza to‘riga joylashni amalladi.

Ikki daqiqa o‘tib esa mehmonlarning shtatdagi snayperi Levandovski hisobdagi ustunlikni oshirdi. 

 

Noyyer qatorasiga ikkinchi safar o‘yinida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, u 5 yildan buyon Myunxen jamoasida bunday natijaga erisha olmay kelayotgandi. Manuel uchun bu «Bavariya» safida 76-yevrokubok o‘yini bo‘ldi, u endi bu borada klub afsonasi Zepp Mayyer bilan tenglashib oldi.

«Ayaks» – «Benfika» – 1:0
Gol: 1:0 – 90+2 Mazraui.
Ayaks – Onana, Mazraviy, de Ligt, Blind, Talyafiko, van de Bek (Neres, 88), Shene, de Yong, Ziyesh, Dolberg, Tadich.
Benfika – Vlaxodimos, Andre Almeyda, Konti, Jardel, Grimaldo, Salvio, Jyedson Fernandesh, Feysa, Pitstsi (Pires, 79), Rafa Silva (Servi, 90), Seferovich.
Ogohlantirishlar: Jardel (9), Mazraui (22), Onana (39), Talyafiko (49), Konti (64), Salvio (72), Seferovich (86).

Amsterdamdagi o‘yinning birinchi bo‘limida bahsli vaziyat yuzaga keldi. Bo‘lim oxirida hakam Kasper Dolbergning golini inobatga olmadi. Chempionlar ligasida videotakrordan foydalanish tizimi yo‘q, ammo golni aniqlash tizimi to‘p darvoza chizig‘ini to‘liq kesib o‘tmaganini ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘limda Vlaxodimos van de Bekning qaytarib bo‘lmas zarbasini qaytardi va jamoani muqarrar goldan qutqardi. Ammo uning mo‘'jizakorlik xususiyati o‘yinning oxirgi daqiqalarda yo‘q bo‘lib qoldi. O‘yinning oxirgi daqiqalarida maydonga tushirilgan David Neresning yurishidan keyin to‘p zarba berish uchun qulay nuqtada turgan Nussayr Mazraviyga kelib tushdi va u jarima maydoni tashqarisidan turib to‘pni mehmonlar darvozasi tomon yo‘lladi, to‘p rikoshet orqali darvoza to‘ridan joy oldi.

«Ayaks» oxirgi marta 13 yil muqaddam Chempionlar ligasida qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba golini urgandi. Niderland jamoasi YeChLning 3 turidan keyin 7 ochko jamg‘arishi oxirgi marta 2006 yili kuzatilgandi, o‘shanda PSV omadli start qayd etgandi.

Endi Erik ten Xaagning kamtargina jamoasi turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi va guruhdan chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qilgan.

Zinshaymdagi aqlsizlik

F guruhi
«Hoffenhaym» – «Lion» – 3:3
Gollar: 0:1 – 26 Traore, 1:1 – 32 Kramarich, 2:1 – 47 Kramarich, 2:2 – 59 Ndombele, 2:3 – 67 Depay, 3:3 – 90 Joelinton.
Hoffenhaym – Baumann, Akpoguma, Fogt, Bichakchich (Nelson, 73), Kaderjabek, Grillich, Demirbay, Shults, Belfodil (Tsuber, 81), Salai (Joelinton, 60), Kramarich.
Lion – Antoni Lopesh, Tete, Marselo, Denayyer, Mendi, Ndombele, Tuzar, Auar, Traore (Diop, 90), Depay (Dembele, 81), Tere (Ferri, 82).
Ogohlantirishlar: Tete (86), Demirbay (90).

«Hoffenhaym» zeriktirmaydi. «Lion»ga qarshi o‘yin Yulian Nagelsman jamoasining navbatdagi quvnoq o‘yini bo‘ldi. O‘yinda jami 6ta gol urildi.

«Lion» bosh murabbiyi Bryuno Jyenezo jamoasini pragmatizmga o‘rgatgani ko‘rinib turibdi. Birinchi turda Manchesterda ham shunday bo‘lgandi, Zinshaymdagi uchrashuvda ham shunday bo‘ldi. «Qishloqilar» jamoasi ketma-ket hujum qildi, gollarni esa raqib xatosini kutib payt poylagan mehmonlar urishdi.

Birinchi bo‘limda mezbonlar juda ko‘p xavfli vaziyatlar yaratishdi va raqib darvozasi tomon 12 bor zarba berishdi. Ammo 26-daqiqada darvozabon Oliver Bauman o‘z darvozasi oldidan hujum boshlay turib, himoyachi Kevin Fogtga noqulay pas uzatdi. Ammo to‘pga Bertran Traore ega chiqib, hisobni ochdi.

Hisob 2:1 bo‘lib turganida Bauman oddiy zarbani o‘tkazib yubordi. «Lion»ning uchinchi goli urilgan vaziyatda Kevin Akpoguma qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Memfis Depay Bauman bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi.

Andrey Kramarichning dubli «Hoffenhaym»ga durang ham keltirmayotgandi, o‘yinning oxirgi daqiqalarida Joeliton uchinchi golni urishga erishdi. Shu bilan birga hakam bir vaziyatda «Lion» darvozasi tomon penalti bermadi, bu vaziyatda to‘p Jyeyson Denayrning qo‘liga tekkan, penalti bor edi.

«Shaxtyor» – «Manchester Siti» – 0:3
Gollar: 0:1 – 30 Silva, 0:2 – 35 Laport, 0:3 – 70 Bernardu Silva.
Shaxtyor – Pyatov, Matviyenko, Krivtsov, Rakitskiy, Ismaili, Stepanenko, Maykon, Vellington Nem (Bolbat, 69), Kovalenko (Alan Patrik, 62), Fernando Pedro (Dentino, 84), Morayes.
Manchester Siti –    Ederson, Stounz (Uoker, 80), Otamendi, Laport, Mendi, de Bryuyne (Bernardu Silva, 69), Fernandino, Silva, Mahrez, Gabriel Jyezus (Foden, 87), Sterling.
Ogohlantirishlar: Krivtsov (87), Otamendi (90).

Bu jamoalarning Xarkovda kechgan oxirgi o‘yinida ishtiyoqsiz «Manchester Siti» mag‘lub bo‘lgandi (o‘tgan mavsumda 6-tur arafasida Gvardiola shogirdlari guruhdagi birinchi o‘rin masalasini hal qilib bo‘lishgandi). Bu «shaharliklar» jamoasining 20 o‘yin davom etgan g‘alabali seriyasi yakuni bo‘lgandi. Shundan keyin «konchilar» ustozi Paulo Fonseka va'dasiga amal qilib, o‘yindan keyingi matbuot anjumaniga Zorro qiyofasida kirib kelgandi.

Endi Gvardiola va Fonseka yana uchrashmoqda. Ammo hozirga kelib ukrainlar jamoasini kimlardir tark etgan, Tayson va Marlos esa jarohatda. Qolaversa, bu mavsumda «Lion»ning birinchi turda Manchesterdagi kutilmagan g‘alabasi inglizlarni har bir o‘yinga motivatsiya bilan tushishga majbur qilmoqda. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Mahrezning zarbasi muvaffaqiyatsiz chiqqanida to‘pga birinchi bo‘lib David Silva yetib keldi va hisobni ochdi.

Ko‘p o‘tmasdan burchak zarbasi amalga oshirilganida Lyaport jamoasi ustunligini ikkitaga oshirdi. «Shaxtyor» o‘z tarixida ilk marta o‘z uyida ingliz klubiga mag‘lub bo‘lishi ayon bo‘lib qoldi. Bungacha «konchilar» o‘z maydonida Angliyadan kelgan jamoalarga qarshi o‘yinlarda 5 g‘alabaga erishib, 2 bor durang qayd etgandi. 

Dastlabki ikki golda ham jarohatdan keyin safga qaytgan Kevin de Bryuyne ishtirok etdi.

Belgiyalik futbolchi o‘rniga ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan Bernardu Silva esa o‘zi gol urdi.

Benzema van Nistelroydan o‘zib ketdi

G guruhi
«Real» - «Viktoriya» Pl – 2:1
Gollar: 1:0 – 11 Benzema, 2:0 – 55 Marselo, 2:1 – 78 Groshovski.
Real Madrid – Navas, Vaskes, Nacho, Ramos, Marselo, Modrich, Kazemiro, Kroos, Beyl (Asensio, 75), Benzema (Dias, 88), Isko (Valverde, 54).
Viktoriya Plzen – Grushka, Rjyeznik, Geyda, Gubnik, Limberski, Proxazka (Gorshava, 65), Groshovski, Gavel (Ekpay, 76), Chermak, Petrjyela (Rjyeznichek, 86), Krmenchik.
Ogohlantirishlar:  Limberski (27), Isko (32), Kroos (59), Ramos (90).

Amaldagi chempionlar o‘zlari tomon bildirilayotgan tanqidlarga chek qo‘yish uchun «Viktoriya»ni yirik hisobda mag‘lub etishlari kerak edi. Amalda ham barchasi Xulen Lopetegi ssenariysi ostida boshlandi. 11-daqiqadayoq Karim Benzema hisobni ochdi. Lukas Vaskesning qanotdan ideal uzatmasini fransiyalik hujumchi boshi bilan darvozaga joyladi. Bu gol Benzemaning Chempionlar ligasidagi 57-goli bo‘ldi. Endi u turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida «Real»ning sobiq hujumchisi Rud van Nistelroyni ortda qoldirgan holda to‘rtinchi o‘rinni mustahkamladi. Qolaversa, bu uning qatorasiga 14-mavsumda Chempionlar ligasida gol urishi bo‘ldi va bu orqali u Lionel Messi hamda Raul Gonsalesning rekordini takrorladi.

Bu o‘yinda «Real» 22 sentabrdan buyon ilk marta hisobda oldinga chiqib olishi kuzatildi. Madrid jamoasi buni 461 daqiqa kutdi. Ammo jamoa bu ustunlikni yo‘qotishiga bir baxya qoldi, faqat Groshovski bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol eta olmadi. Ikkinchi bo‘limda Marseloning parashyut uslubidagi goli jamoaga xotirjamlik keltirdi. Braziliyalik himoyachi esa bir kalendar yilida YeChLda to‘rtinchi golini urdi. Bu borada undan yaxshiroq ko‘rsatkich 2000 yilda madridliklarning sobiq himoyachisi Roberto Karlos hamda 1994 yilda «Barselona»ning sobiq himoyachisi Ronald Kuman tomonidan qayd etilgandi. Ular bir kalendar yilida YeChLda 5tadan gol urishgan.

«Real» himoyadagi bunday o‘yini bilan gol o‘tkazmasligi mumkin emasdi, 78-daqiqada Groshovski baribir maqsadiga erishdi, lekin madridliklar har qalay g‘alabani saqlab qololdi. Jamoa 5 uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyasiga barham berdi, ammo «Real» muxlislariga bunday g‘alaba yoqmagani aniq. Lopetegi o‘zini oqlay olmadi, Madrid Joze Mourinoning qaytishini kutmoqda.

«Roma» - TsSKA 3:0
Gollar: 1:0 – 30 Djyeko, 2:0 – 43 Djyeko, 3:0 – 50 Under.
Roma – Olsen, Florentsi, Manolas, Fasio, Santon, de Rossi (Shik, 81), Nzonzi, Under (Kolarov, 73), Pellegrini (Kristante, 68), El-Shaaravi, Djyeko.
TsSKA – Pomazun, Fernandes, Chernov (Xosonov, 57), Rodrigo Bekao, Magnusson, Nababkin, Vlashich, Axmetov, Oblyakov (Dzagoyev, 57), Sigurdsson, Chalov (Nisimura, 90).
Ogohlantirishlar: Nababkin (71), Sigurdsson (88).

Rimga diskvalifikatsiyadagi Igor Akinfeyevsiz tashrif buyurgan moskvaliklar ilojsiz qolishdi. Yosh darvozabon Pomazun ishonchni oqlay olmadi. Edin Jyeko uchta golda ham ishtirok etdi, avval o‘zi ikkita gol urdi, keyin yosh jamoadoshi Chingiz Underni golli pas bilan ta'minladi. 

Endi o‘tgan turda «Real»ni yenggan TsSKA birinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa tushib qoldi. 

Mourinoning Turinga qarshi urushi

H guruhi
«Manchester Yunayted» – «Yuventus» 0:1
Gol: 0:1 – 17 Dibala.
Manchester Yunayted – De Xea, Yang, Smolling, Lindelef, Shou, Matich, Pogba, Reshford, Mata, Marsiyal, Lukaku.
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu (Duglas Kosta, 87), Bonuchchi, Kellini, Aleks Sandro, Kuadrado (Bardzali, 81), Bentankur, Pyanich, Matyuidi, Dibala (Bernardeski, 78), Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Matyuidi (59), Yang (77), Kellini (82).

Ronalduning qaytishi
Ronaldu «Manchester Yunayted»ni 2009 yilda tark etgandi. Keyingi 9 yil davomida u bir marta «Old Trafford»da o‘ynadi. 2013 yilning martida YeChL nimchorak finali doirasidagi javob uchrashuvi mojaro bilan esda qolgan. O‘shanda turkiyalik hakam Junayt Chaqir Nanini tushunarsiz holatda maydondan chetlatgan, sondagi ustunlikdan foydalangan madridliklar ikkita gol urishgan, gollardan biri Krishtianu Ronaldu hisobiga yozilgan. Birinchi o‘yinda «Real» 1:1 hisobida durang qayd etgandi (o‘shanda ham golni Ronaldu urgan), natijada «Qirollik klubi» chorak finalga yo‘l olgan, yakunda Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.

Joze - piyoda yurish ishqibozi
Barcha afsonalar va oddiy futbolchilar bu o‘yinga kechikishdi. O‘tgan turda tirbandliklar tufayli «Valensiya»ga qarshi o‘yin boshlanishiga faqat 30 daqiqa qolganida «Old Trafford»ga yetib kelgan «MYu» UYeFA tomonidan jarimaga tortilgandi. Shundan keyin, inglizlar navbatdagi o‘yin arafasida stadion yaqinidagi mehmonxonaga joylashishdi. Ammo baribir jamoa yana o‘sha tirbandliklar tufayli o‘yin boshlanishiga 45 daqiqa qolganida stadionga yetib keldi, bu safar bosh murabbiysiz.

Portugaliyalik mutaxassis kechki sayrga chiqqandi. 

«Biz mehmonxonani almashtirdik, u stadionga juda yaqin masofada joylashgan. Men fanatlar orasida yurib keldim, hech kim tanimadi. Men ikki daqiqada keldim, futbolchilar esa avtobusda rosa 45 daqiqa yurishdi», dedi o‘yindan keyin murabbiy.

Ammo fanatlardan biri uni tanib qolgani ma'lum bo‘ldi.

Kumir uchun yugurish
Pogba Ronaldu va Mourino soyasida qolib ketdi. Holbuki, u ham sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushgandi. Mourino APLning o‘tgan turida «Chelsi»ga qarshi o‘ynagan tarkibni o‘zgartirmadi. «Yuve» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Manjukich va Xediraga dam berdi, Bernardeski va Duglas Kosta ham zaxirada qoldirildi.

Ammo asosiysi, Ronaldu maydonda edi. Uni yaqindan ko‘rish uchun fanatlardan biri maydonga tushib ketdi. Bu vaqtda «MYu» jarima zarbasini ijro etishga chog‘lanayotgandi, muxlis kumiriga yeta olmadi, ammo portugaliyalik futbolchi styuardlar tomonidan to‘xtatilgan muxlisi oldiga kelib, unga qo‘l tashladi.

Dibalaning goli va Pogbaning omadsizligi
Ronaldu birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadi va golda ishtirok etdi. Qanotda Lyuk Shoudan tezroq yugurgan portugaliyalik futbolchi to‘pni jarima maydoni tomon uzatdi, Smollingga qarshi to‘p uchun kurashda ustun kelgan Kuardado uni orqaroqda turgan Dibalaga tashlab berdi va David de Xea ojiz qoldirildi. Endi argentinalik hujumchi «MYu»ga gol urgan «Yuventus» afsonalari qatorida: Zidan, Del Pero, Konte va Nedved.

«MYu» kamdan-kam hujumga chiqdi, birinchi bo‘limda mehmonlar to‘pga egalik qilish bo‘yicha 70ga 30 nisbatida ustunlik qilishdi. Ko‘plab hujumlar uyushtirildi, de Xea goldan saqlayverdi. Vaziyatlardan birida u shedevr seyvni amalga oshirdi, Ronalduning uzoqdan darvozaning yuqori burchagiga yo‘llagan zarbasini barmoqlari uchlari bilan bartaraf etdi.

Mourino hech narsani o‘zgartirmadi, 90 daqiqa davomida bitta ham o‘zgartirish qilmadi va mo‘'jiza sodir bo‘lishini kutdi. Bunga yaqin ham kelingandi, ammo 75-daqiqada Pogbaning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi avval ustunga tegdi va to‘pga kech otilgan Shensnining boshi orqali maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

«Yuventus» navbatdagi g‘alabaga erishdi, Ronaldu «Old Trafford»da g‘alabali qaytishini amalga oshirdi.

«Yang Boyz» – «Valensiya» 1:1
Gollar: 0:1 – 26 Batshuayi, 1:1 – 55, penalti Oaro.
Yang Boyz – Velfli, Mbabu, Lauper, fon Bergen, Benito, Suleymani (Ngamale, 74), Sou, Sanogo, Fassnaxt (Bertone, 85), Assale, Oaro (Nsame, 79).
Valensiya – Neto, Pichchini, Gabriel, Diakabi, Gayya, Soler, Parexo, Kondogbia (Koklen, 70), Ferran Torres (Gameyro, 67), Rodrigo, Batshuayi.
Ogohlantirishlar: Gabriel (8), Mbabu (42), Soler (77).

«Valensiya» Shveytsariyada Denis Cherishevsiz o‘ynadi. U terma jamoadaligida jarohat olgan, shu tufayli Primera doirasida «Leganes»ga qarshi o‘yinda atigi 15 daqiqa maydonda bo‘lgan.

«Valensiya» o‘ng qanotdan o‘yin qildi va bu o‘z samarasini berdi, Karlos Soler Mishi Batshuayini darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi. Bu «ko‘rshapalaklar» jamoasining YeChLning joriy mavsumidagi ilk goli bo‘ldi. «Yang Boyz» esa shu vaqtgacha YeChLda gol urmagandi. Ikkinchi bo‘limda hakam Dani Parexo qo‘pollik ishlatdi deb topdi va penalti belgiladi, mezbonlarning fransiyalik tajribali hujumchisi Giyom Oaro o‘z imkoniyatidan unumli foydalandi. Bu «Yang Boyz» uchun tarixiy golga aylandi.

Ispanlar bu o‘yinda yutqazishi ham mumkin edi, ammo Netu oxirgi daqiqalarda barmoqlari uchi bilan to‘pga tegib, u darvoza to‘riga emas, ustunga tegishini ta'minladi.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top