Jahon | 08:40 / 27.10.2018
7063
2 daqiqa o‘qiladi

Tarjimon nima deganini tushunmagani uchun Assanjning sud ishi boshqa kunga qoldirildi

Foto: Tolga Akmen / Zuma / TASS

WikiLeaks asoschisi Julian Assanjning Ekvador elchixonasiga qarshi ishi bo‘yicha sud muddati u tarjimon nima deganini tushunmagani uchun boshqa kunga qoldirildi.  Bu haqda The Sydney Morning Herald xabar bermoqda.

Jurnalist Ekvador sudida chiqishi uchun Skype orqali onlayn konferensiya uyushtirilgandi, chunki u Londondagi elchixona binosini tark eta olmasdi. Ammo avstraliyalik Assanj lahjalardagi tafovut sababli ingliz tarjimon nima deganini tushunmadi. Sudya Karina Martinez da'vogarning ko‘rsatmalari to‘g‘ri tarjima qilinishi lozimligini ma'lum qildi va tinglovni boshqa kunga qoldirdi.

17 oktabr kuni Londondagi Ekvador elchixonasida istiqomat qilib kelayotgan Assanjga internetda kamroq yozish hamda xonani ozoda saqlash bo‘yicha talab qo‘yilgani ma'lum bo‘lgandi.

WikiLeaks asoschisi Ekvador rasmiylari tomonidan taqdim etilgan xatti-harakat protokoliga rioya qilishdan bosh tortgan va Ekvadorning Londondagi elchixonasini sudga bergandi.

Julian Assanj Ekvador elchixonasida 2012 yildan beri yashab kelmoqda. 

Mavzuga oid