Jamiyat | 11:22 / 29.10.2018
5128
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston-Rossiya yoshlari forumi» birinchi kuni qanday o‘tdi?

Joriy yilning 18-19 oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasi prezidenti O‘zbekiston Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘ldi. Tashrif davomida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan o‘zaro manfaatli kelishuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga zamin yaratdi. Mazkur hamkorlik O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Rossiya yoshlar ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda ham o‘z ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda. 

Munosabatlarning uzviyligini ta'minlash, yoshlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida 28 oktabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston - Rossiya yoshlar festivali” boshlandi. 

1 noyabrga qadar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida davom etadigan  mazkur tadbirga Rossiya Federatsiyasidan 82 kishilik delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrifning dastlabki kuni festivalning rasmiy ochilish marosimi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi rahbariyatining delegatsiya tarkibidagi rasmiy doira vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, mehmonlar Toshkent shahri bo‘ylab ekskursiya, jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasiga sayohat qilishdi.

“Kichik va o‘rta biznesni rivojlantiruvchi ekosistemamiz bilan bo‘lishmoqchimiz”

— Bizda 2016 yilda Qozon Federal universiteti bitiruvchilari tomonidan texnologik loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, bu loyiha 2017 yildan boshlab Shveytsariya va Kanadaning sarmoyadorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Ushbu «Govermedia Plyus» loyihasi kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi biznes hamjamiyati ekosistemasi hisoblanadi. Ekosistema – barcha tadbirkorlar uchun xodimlarni topishda, sarmoyalarini tadbirkorlikka jalb qilmoqchi bo‘lgan ishbilarmonlarga ko‘maklashishda, o‘z loyihalarini ro‘yxatga olish va takomillashtirishni istaganlarga imkoniyat yaratishda tayanch vazifasini bajaruvchi ijtimoiy tarmoqdir. Biz aynan shu tajribalarimizni siz bilan bo‘lishmoqchimiz, — deydi Rossiya delegatsiyasi a'zosi, «Govermedia Plyus» Xalqaro kompaniyasining yuridik bo‘limi boshlig‘i Regina Vlasova.

 “Amir Temur vatanida bo‘lish men uchun katta baxt”

— O‘zbekistonga ilk tashrifimdan, ushbu forumdagi ishtirokimdan mamnunman. Amir Temurning vatani bo‘lmish boy tarixga ega mamlakatda bo‘lish men uchun katta baxtdir. Bu mamlakatni birinchi nafasimdayoq yoqtirdim. Festivalning eng katta istiqboli, albatta, ikki davlatning ishtirokchilari o‘rtasida mustahkam aloqalarning o‘rnatilishidir, – deydi «Invest Konsulting Realty» MChJ bosh direktorining o‘rinbosari, biznes-psixologi Yelena Nevert. — Umid qilamanki, festival nafaqat do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga, balki tadbirkorlik sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga ham yordam beradi. Yangi loyihalar, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan g‘oyalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlikka yo‘l ochadi.

Festival davom etadi... 

Festivalning ochilish marosimida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev va Rossiya yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari Tatyana Seliverstova so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini qutladi. Marosim dasturidan O‘zbekiston va Rossiya yoshlar ittifoqlari faoliyatiga bag‘ishlangan roliklar namoyishi, yosh san'at ustalari va ijodiy guruhlarning chiqishlari o‘rin oldi.

Festivalning ikkinchi kuni “Birinchi O‘zbekiston - Rossiya yoshlar biznes forumi” bo‘lib o‘tadi. 

Bundan tashqari, festival dasturidan  “O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi orasida turistik oqimni kengaytirishda yoshlarning roli” mavzusida amaliy konferensiya, “Yoshlar media makonining zamonaviy trendlari” mavzusida yosh  jurnalist va blogerlar kongressi, Yoshlar press-klubining sessiyasi va tarixiy shaharlarimiz — Samarqand va Buxoroga sayohatlar o‘rin olgan.

 

Mavzuga oid