Jahon | 18:02 / 30.10.2018
16381
2 daqiqa o‘qiladi

1970 yildan beri insoniyat Yer yuzidagi hayvonlarning 60 foizini yo‘q qildi

Foto: Michael Nichols/National Geographic/Getty Images

1970 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan so‘nggi 40 yil davomida sayyora sut emizuvchilar, qushlar, baliqlar, sudralib yuruvchilar va ham suvda, ham quruqlikda yashovchilarning 60 foizini yo‘qotdi. Bu haqda Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi (WWF) hisobotida aytiladi, deb xabar bermoqda RBK.

«Living Planet Index bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar yovvoyi hayvonlarning populyatsiyalarida keskin kamayish kuzatilayotganini ko‘rsatadi - 40 yil ichida 60%ga pasayish. Bu salbiy signal va biz sayyoraga ko‘rsatayotgan bosimning asosiy ko‘rsatkichidir», - deydi WWF International bosh direktori Marko Lambertini.

Hayvonlarning eng ko‘p kamayishi Janubiy va Markaziy Amerika tropiklarida qayd etildi: 1970 yil bilan taqqoslaganda ular 89%ga kamaydi. Chuchuk suvda yashovchi hayvonlar soni ham keskin kamaydi: chuchuk suv indeksi (Freshwater Index) kamayish 83% bo‘lganini ko‘rsatdi.

Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasidan bildirishlaricha, sayyora uchun eng katta tahdid - bu yovvoyi tabiatni ekspluatatsiya qilish va hayvonlarning yashash joylarini yo‘q qilishga olib keladigan inson harakatlari.

«Odamlar sayyoramizning imkoniyatlari ham yetmaydigan sharoitda yashamoqda va Yer yuzidagi hayotni yo‘q qilishmoqda», - deyiladi hisobotda. 

Mavzuga oid