O‘zbekiston | 08:10 / 31.10.2018
31857
4 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxs bilan kamida 7 yil: O‘zbekistonda pensiya ta'minoti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritiladi

Oliy majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlar va ularning oila a'zolarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishda qonunchilikni takomillashtirish masalalari hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda o‘rganilgan imkoniyati cheklangan bolalarni huquqiy himoya qilish holati muhokama qilindi.

Foto: parliament.gov.uz

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda nogironligi bo‘lgan bolalarning 98 foizi o‘z ota-onasi qaramog‘ida tarbiyalanmoqda. Ularning ko‘pchiligi tayanch-harakat tizimi, asab va ruhiy kasalliklarga chalingan bo‘lib, o‘zgalarning doimiy yordamiga muhtojdir.

«Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 37-moddasi birinchi qismi «d» bandida I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolaga, shuningdek o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt yoshga doir pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanishi nazarda tutilgan.

Biroq ushbu Qonunning 37-moddasi ikkinchi qismida shu moddaning «d» va boshqa bandlarida nazarda tutilgan davrlar umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanishi belgilangan.

Ushbu cheklovning qo‘llanilishi nogironligi bo‘lgan bolalarning tarbiyasi bilan band aksariyat ota-onalarga pensiya tayinlash imkonini istisno etadi. Shu sababli o‘zgalar parvarishi bilan band bo‘lgani holda talab etiladigan minimal ish stajini to‘play olmayotgan fuqarolar ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

I guruh nogironi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa miqdori o‘rtacha 360 ming so‘mni tashkil etishi va bu ularning ehtiyojini yetarli darajada qoplamayotganini ham e'tiborga oladigan bo‘lsak, mazkur masalaning hal etilishi nogironligi bo‘lgan bolalar tarbiyasi bilan band shaxslarga yoshga doir pensiya tayinlash uchun qonuniy kafolatlarni kuchaytirish va moddiy-ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Mazkur masalalar fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishida nogironlar jamiyati vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi muhokamalar chog‘ida bildirilgan taklif-mulohazalarning o‘rinli ekanidan va partiya Saylovoldi dasturidagi vazifalardan kelib chiqib, «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonun 37-moddasining ikkinchi qismidagi ushbu modda birinchi qismining «d» bandi bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarni istisno etishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish zarur, degan xulosaga keldilar.

Yig‘ilishda imkoniyati cheklangan bolalarni huquqiy himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakillari o‘z fikr-mulohazasi bilan qatnashgani tizimdagi mavjud muammolar yechimini tayyorlanayotgan qonun loyihasida aks ettirish, uning hayotiyligini ta'minlash imkonini beradi. 

Yig‘ilish yakunida fraksiya a'zolari tomonidan imkoniyati cheklangan bolalarning ta'lim olishi va ijtimoiy integratsiyasi bilan bog‘liq masalalarni o‘zida mujassam etgan yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Shu yuzasidan fraksiyaning ishchi guruhi shakllantirilib, unga qisqa muddatda qonun loyihasini ishlab chiqish va Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid