O‘zbekiston | 10:16 / 31.10.2018
7781
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida asalarichilik yanada rivojlantiriladi

Foto: Flickr

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida asalarichilik sohasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, hujjat asalarichilik sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etgan holda asalni chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, ichki bozor va eksportga yo‘naltirilgan asalarichilik mahsulotlari assortimentini keskin ko‘paytirish, hajmini oshirib borish hamda davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish maqsadida qabul qilinadi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi va Toshkent shahar hokimligining “Toshkent shahar uy-joy mulkdorlari” uyushmasiga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan Toshkent shahri, Sirg‘ali tumani, Oltin Vodiy ko‘chasi 103-uyda joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birga asalni qayta ishlash va qadoqlash majmuasini tashkil etish uchun investitsiy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida “ASL O’ZBEK ASALI” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga sotish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

“ASL O’ZBEK ASALI” MChJga obekt doirasida investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida quyidagi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini o‘z zimmasiga oladi:

a) 2 (ikki) yil davomida obektga 25,0 mlrd. so‘m miqdorida investitsiya kiritish orqali obektni rekonstruksiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar sotib olish hamda jihozlash;

b) obekt negizida yiliga 10 ming tonna asalni qayta ishlash v qadoqlash quvvatiga ega bo‘lgan kompleksni ishga tushirish;

v) kamida 50 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligi:

o‘n kun muddatda nazarda tutilgan shartlar asosida “ASL O’ZBEK ASALI” MChJ bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzilishini;

O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi bilan birgalikda “ASL O’ZBEK ASALI” MChJ tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, “ASL O’ZBEK ASALI” MChJ tomonidan investitsiy va ijtimoiy majburiyatlar to‘liq bajarilgan deb topilgan va penya (yuzaga kelgan taqdirda) to‘liq hajmda to‘langandan va ishchi o‘rinlari bir yil davomida saqlangandan so‘ng, mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderi (tasarruf etish huquqi bilan) rasmiylashtirib beriladi.

Mavzuga oid