O‘zbekiston | 17:09 / 01.11.2018
5435
3 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov XVJ missiyasi bilan uchrashdi

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha departamenti bosh iqtisodchisi Albert Eger boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuv davomida eng dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari, 2018 yilning ikkinchi yarmida byudjyetni ijro etish masalalari hamda kelgusi 2019 yil uchun daromad va xarajatlar prognoz parametrlari muhokama qilindi.

Ta'kidlandiki, XVJning dastlabki baholash natijalariga ko‘ra, mamlakat makroiqtisodiy siyosati 2019 va 2020 yillarga mo‘ljallangan inflyatsiya darajasining prognoziga mos keladi.

Muhokama chog‘ida iqtisodiy vaziyatning rivojlanish istiqbollari, soliq islohotlari va davlat korxonalarini qayta tashkil etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi xizmatlar ko‘rsatish va telekommunikatsiya kabi sohalarda samaradorlikni oshirish borasida O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy qabul baholadi. Shu bilan birga, missiya tomonidan yangi ish o‘rinlari tashkil etishda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sektorlarining samaradorligini yanada oshirish zarurligi bildirildi.

Shuningdek, soliq tizimi, energetika sohasini isloh qilish, un va qolipli non narxlarini erkinlashtirish kabi masalalar ham muhokama qilindi. Missiya a'zolari O‘zbekiston hukumati tomonidan narxlarni liberallashtirish davrida ish haqi, pensiya va boshqa ijtimoiy imtiyozlarni oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi zaruriyatini qayd etdi. Ta'kidlandiki, bu davrda davlatning asosiy maqsadlaridan biri kam ta'minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

Uchrashuv yakunida joriy yilning 7 noyabriga qadar Toshkentda ishchi tashrif bilan bo‘ladigan Eger XVJ missiyasi rejalari bilan tanishtirdi. Xususan, mamlakatda biznesni yuritish uchun investorlar istiqbollari o‘rganiladi.

Moliya vazirligi hozirgi missiya doirasida rivojlanish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiyotda investitsiya muhitini yaxshilashni yanada samarali asosga o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni va kelgusida amalga oshiriladigan ishlarni muhokama qilish maqsadida davra suhbati tashkil etishni taklif etdi.

Mavzuga oid