«Arsenal» va «Liverpul» to‘qnashuvi, «Real»ning Solari bilan qaytishi. Hafta o‘yinlari anonsi
Kelasi hafta yana Chempionlar Ligasi musobaqalari bo‘lib o‘tishi sababli, bu safar ham top jamoalar milliy chempionatdagi navbatdagi uchrashuvlarini shanba kuni o‘tkazishadi. Aynan shu kuni e'tiborli o‘yinlarni ko‘proq kuzatishimiz mumkin. «Arsenal» va «Liverpul»: kimning ijobiy seriyasi nihoyasiga yetadi? Solarining «Real»dagi haqiqiy debyuti qanday kechadi? Istanbuldagi qonli derbinda bu safar gol uriladimi? Shu va boshqa savollarni keltirib chiqaruvchi o‘yinlar anonsi bilan «Tribuna.uz»da tanishing.
ARSeNAL – LIVeRPUL
O‘tgan turda «Kristal Pelas» bilan durang o‘ynab, «Arsenal» barcha musobaqalar doirasidagi 11 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasiga nuqta qo‘ydi. Ammo mag‘lubiyatsiz seriya davom etmoqda. 18 avgust kuni «Stemford Brij»da 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan Emeri shogirdlari keyin 12 o‘yinda maydonga tushishdi va yuqorida tilga olingan durangdan boshqa, hammasini g‘alaba bilan yakunlashdi. Jamoa urayotgan bir-biridan chiroyli gollarni turli tarmoqlardagi roliklarda ko‘rayotgan bo‘lsangiz kerak. «Arsenal» juda yaxshi holatda.
Ammo boshqa tarafdan londonliklarning mana shu uchrashuvlardagi 12 raqibi ichida eng kuchlirog‘i «Everton» yoki «Vest Hem». Ya'ni, mavsum boshida ikkita top o‘yinni boy bergan «Arsenal» keyin haqiqiy sinovga ro‘baru kelgani yo‘q. Aynan «Liverpul»ga qarshi o‘yin «Arsenal»ning haqiqiy yuzini, mavsumdagi niyatlari naqadar jiddiy ekanini namoyish qilib berishi mumkin.
«Liverpul» umuman APLda ushbu mavsumda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan uch jamoadan biridir. Klopp shogirdlari faqat to‘plar nisbati bo‘yicha «Manchester Siti»dan ortda qolmoqda. Bu tempni ushlab turish uchun esa, har bir o‘yinda g‘alaba qozonish shart. Anchadan beri chempionlik uchun kurashmagan «Liverpul» uchun bu rejim ham yangilik, xo‘sh, bu yukni jamoa ko‘tara oladimi? «Manchester Siti» bu turda o‘z maydonida «Sauthempton»ni qabul qiladi va katta ehtimol bilan ochko yo‘qotmasa kerak. Bu ham Klopp jamoasiga qo‘shimcha bosim.
«Liverpul»ning ham mavsumdagi top o‘yinlariga e'tibor bersak, «Tottenhem» ustidan safarda g‘alabaga erishildi, ammo keyingi o‘yinlarda «Chelsi» va «Manchester Siti» bilan durangga rozi bo‘lindi. Har ikki o‘yinda ham raqib g‘alabaga yaqinroq bo‘lgandi – «Chelsi» so‘nggi daqiqalargacha hisobda oldinda borgan bo‘lsa, «shaharliklar» o‘yin oxirida penaltini aniq amalga oshira olishmadi.
Jarohatlar borasida «Arsenal» eng asosiy qurollari bo‘lmish qanot himoyachilari yordamiga tayana olmaydi. Nacho Monreal, unga qo‘shilib, Ektor Bellerin ham sonidan jarohat oldi. Mehmonlar tarkibida esa, maydon markazi biroz muammoli. Asosiy tarkib futbolchilari sanaladigan Nabi Keyta va Jordan Henderson jarohat tufayli safdan chiqqan.
BORNMUT – MANCheSTeR YuNAYTeD
«Manchester Yunayted»ning bugungi holati masalan, ikki hafta oldingidan farq qiladi. Bu orada jamoa «Stemford Brij»da yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, «Nyukasl» va «Everton» bilan o‘yinlarda yaxshi o‘yin namoyish etishdi. «Yuventus»dan mag‘lubiyat vaziyatga biroz soya solsa-da, hozirda Mourinoga nisbatan bosim sal kamaygandek tuyulmoqda.
Marsiyal asosiy tarkibga qaytib, oktabrning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi, Pogba Manchester uning uyi ekanini aytmoqda, Shou yangi shartnoma imzoladi – bu yangiliklar jamoadagi muhit yaxshilanayotganini anglatadi. Hatto qishda rahbariyat Mourinoga tarkibni kuchaytirish uchun yuz million funt berishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqaldi. Demak, iste'fo ancha uzoqlashdi. Futbolchilar Mourino qo‘l ostida ham yaxshi o‘yin ko‘rsata olishlarini isbotladilar.
«Bornmut» Joze uchun o‘ziga xos raqib, zero «Manchester Yunayted»dagi uning dastlabki o‘yini ham aynan Bornmutda amalga oshgan va o‘sha o‘yinda «qizil iblislar» 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu stadiondagi o‘tgan mavsumdagi o‘yin ham 2:0 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘lgan.
Eddi Xau shogirdlari juda yaxshi sport formasiga kirib olishdi. Premer ligadagi so‘nggi to‘rt o‘yinda bir durang va uch g‘alaba. Shu davrda Angliya Liga kubogidagi ikki uchrashuv ham «Bornmut» foydasiga hal bo‘ldi. Jamoa hozirda «Tottenhem»dan atigi 1 ochko kam jamg‘argan holda kuchli oltilikdagi qaysidir ma'noda «Manchester Yunayted»ning o‘rnini olib turibdi. Bunday vaziyatga «MYu» sentabrda ham tushgandi. Juda yaxshi start olib, yo‘qotishsiz borgan «Uotford» aynan Mourino jamoasidan mag‘lubiyatdan so‘ng, pastga sho‘ng‘ishni boshladi. «Bornmut»ning taqdiri ham shunday kechadimi yoki aksincha, bu o‘yin Eddi Xau jamoasigi o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirish uchun imkoniyat bo‘ladimi, ko‘ramiz.
Darvoqe, «Bornmut» seshanba kuni Angliya Liga kubogida maydonga tushdi. O‘tgan bosqichda mag‘lubiyatga uchragan «MYu» esa, dam oldi. «Bornmut» kubok o‘yinida ba'zi yetakchi futbolchilariga dam bergan bo‘lsa-da, mehmonlarning ko‘proq dam olish imkoniyatiga ega bo‘lganliklari, balki ularga qo‘shimcha ustunlik yaratishi mumkin.
GALATASAROY – FeNeRBAXChe
Turkiyada so‘nggi yillarda «Beshiktosh» ancha ishonchli va samarali o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, Istanbulning, umuman Turkiyaning asosiy derbisi sifatida «Fenerbaxche» va «Galatasaroy» o‘rtasidagi to‘qnashuv tilga olinadi. Bu derbi shuningdek, qit'alararo derbi sifatida ham nomlanadi, sababi, «Galatasaroy» shaharning Yevropa qismida, «Fenerbaxche» esa, Osiyo qismidan o‘rin olgan.
Farq faqat geografik joylashuv nuqtai nazaridan emas, ijtimoiy tomondan ham ko‘zga tashlashandi. 1905 yilda tashkil topgan «Galatasaroy» asosan shaharning Yevropaga taassub qiluvchi bosh va inteligent qatlamini ifoda etgan. Ikki yil o‘tib esa, «Fenerbaxche» klubiga asos solinadi – jamoa asosan oddiy xalq va kambag‘allarni tamsil etadi. Oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tsa-da, hozir ham «saroylik» muxlislar raqiblarini «gadoylar», «yo‘qsillar» deb ham haqorat qilib turishadi. Sezganingizdek, bu derbi Yevropaning boshqa derbilaridan farqli ravishda, nafaqat maydonda, balki ko‘proq, maydon tashqarisida avj olgan qarama-qarshiliklardan biridir. Bu derbi tarixida janjallar ham, buzilgan oilalar ham, qon ham, hatto o‘limlar ham bo‘lgan tabiiyki...
Bu safargi derbi har ikki jamoaning juda og‘ir davriga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yili so‘nggi turlargacha chempionlik kurashini olib borgan «Fenerbaxche» juda yomon start oldi: o‘tkazilgan 10 o‘yinning yarmida mag‘lubiyatga uchrab, atigi 9 ochko bilan 15-o‘ringa tushib ketdi. Jamoa oxirgi o‘rnidagi «Erzurum»dan atigi 2 ochko oldinda turibdi, xolos. Superligadagi besh o‘yindan beri «Fenerbaxche» g‘alaba nimaligini bilmayapti. Muvaffaqiyatsizliklar ortidan jamoa bosh murabbiyi Filipp Koku iste'foga chiqarib yuborildi. Oltinchi mana shunday o‘yin «Fenerbaxche»ni turnir jadvalida eng oxirgi o‘ringa tushirib yuborishi ham mumkin.
«Galatasaroy» ham so‘nggi oyni yomon o‘tkazdi. Besh o‘yinda atigi 1 g‘alaba. Superligada uch o‘yindan beri g‘alaba qozonilgani yo‘q. Natijada, Fotih Terim shogirdlari Ligada uchinchi o‘rniga tushib ketishdi, juda yaxshi boshlangan Chempionlar Ligasidagi imkoniyatlar ham biroz tuman ortida qoldi. Darvoqe, kelasi haftada «Galatasaroy»ni Germaniyaga safar ham kutib turganini ta'kidlash kerak. «Shalke»ga qarshi o‘yin YeChL dagi guruh masalasida katta ahamiyat kasb etadi.
Shunday bo‘lsa-da, har ikki tomonda ham bizga juda yaxshi tanish bo‘lgan futbol yulduzlari bor. Muslera, Nagatomo, Maykon, Figuli, Selchuk, Fernando, Belhanda, Ndayye, Derdiyok kabi futbolchilar «Galatatarasoy», Demirel, Shkrtel, Isla, Dirar, Valbuena, Ayyu, Soldado, Slimani, Frey kabilar esa, «Fenerbaxche» tarkibida to‘p suradilar. Bu nomlar bizga kuchli beshlikdagi chempionatlar orqali ham juda yaxshi tanish. Ushbu o‘yin oldidan tarkib borasida mezbonlarda muammo ko‘proq. Akbaba, Derdiyok, Fernando, Nagatomo, Figulining maydonga tushishlari so‘roq ostida. Mehmonlardan esa, faqat Mehmet To‘palning jamoaga yordam bera olmasligini aytish mumkin.
O‘zaro o‘yinlarda so‘nggi yillarda deyarli tenglik hukm surmoqda. 7 g‘alaba «Galatasaroy»da, 7 g‘alaba «Fenerbaxche»da va yana 8 o‘yinda durang qayd etilgan. O‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yinda ham hisob ochilmagan. Odatda 0:0 hisobi yo o‘ta zerikarli yoki o‘ta keskin uchrashuvlarda qayd etiladi. Bizning o‘yin ko‘proq ikkinchi toifaga kirishini alohida aytish shart emas. Zero bunday o‘yinlar odamlarni o‘ziga jalb qilish uchun golga muhtoj emas.
ReAL – VALYaDOLID
«Real» nihoyat Lopetegini iste'foga chiqardi va «Valyadolid»ga qarshi jamoani Santyago Solari boshlab tushadi. Bu o‘yin argentinalik mutaxassis uchun birinchisi emas. O‘tgan kuni jamoa yangi murabbiy qo‘l ostida Ispaniya kubogi uchrashuvida maydonga tushdi va 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Solari vaqtincha murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi va La Liga qoidalariga binoan, bunday holat uzog‘i bilan o‘n besh kun davom etishi mumkin. Demak, Solarida futbolchilar bilan yaxshi munosabatni tiklash, muxlislarga yoqadigan o‘yin namoyish etish va shu orqali Peres ishonchini qozonish uchun yana uchta o‘yin bor. Dastlabki sinov yaxshi bajarildi, lekin turnir jadvalida 6-o‘rinda borayotgan va mag‘lub etish juda qiyin bo‘lgan raqibga qarshi o‘yin Solarining salohiyatini aniqroq ko‘rsatib beradi.
Rostan ham «Valyadolid», ayniqsa, himoyada juda ishonchli o‘yin ko‘rsatadigan jamoadir. Serjio Gonsales shogirdlari kam to‘p o‘tkazib yuborish bo‘yicha faqat «Barselona» va «Atletiko»dan ortda bormoqda xolos. O‘tkazilgan 10 uchrashuvning 5tasida Xordi Masip o‘z darvozasini dlaxlsiz saqlay olgan – Oblakdan keyingi ko‘rsatkich. «Valyadolid» 7 o‘yindan beri (shulardan biri kubok o‘yini) mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda.
Tarkibdagi yo‘qotishlar borasida mehmonlarda hammasi joyida. «Real» esa, himoyada muammolarga ega. Dani Karvahal va Rafayel Varanga qo‘shilib, endi Marseloning ham maydonga tushmasligi haqiqatga yaqinroq. Hujumchi Mariano Dias ham mushaklardan olgan jarohati tufayli safda bo‘lmaydi.
Ammo bu o‘yinda balki, yozda «Real» 45 million yevroga sotib olgan Vinisius Juniorni tarkibda ko‘rishimiz mumkin. Lopetegi braziliyalik 18 yoshli hujumchiga u qadar ishonmagandi, ammo «Kastilya» safida hujumchi besh o‘yinda maydonga tushib, 4 gol urdi. Solari «Kastilya»dan o‘zi bilan birga Juniorni olib kelgani bejizga emas, murabbiy unga ishonadi. Hafta o‘rtasida «Melilya»ga qarshi kechgan kubok o‘yinida ham Vinisius maydonda to‘liq harakat qildi.
«Valyadolid» 2013/14 yilgi mavsumdan beri ilk bor La Ligada qatnashmoqda. Jamoa o‘shanda Segundaga tushib ketmasidan oldin ham ikki yil La Ligada ishtiroq etgandi. O‘sha mavsumlardagi 4 o‘yinan 3tasida madridliklarning qo‘li baland kelgan. Oxirgi uchrashuv esa, 2014 yilning may oyida 1:1 hisobida yakuniga yetgan.
CheLSI – KRISTAL PELAS
London derbisi. O‘tgan turda boshqa bir derbida maydonga tushgan «Kristal Pelas» «Arsenal»ning g‘alabali seriyasiga chek qo‘ydi. Xo‘sh, «burgutlar» «Chelsi»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chang sola oladilarmi?
«Chelsi»ning bugungi holati, o‘yinning «Stemford Brij»da ekani ham chalg‘itmasin, zero jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi 4 uchrashuv ham minimal hisobda yakunlangan va hatto 2tasida «Kristal Pelas»ning qo‘li baland kelgan. Qizig‘i, xuddi shunday statistikani aynan «Stemford»da bo‘lib o‘tgan so‘nggi 4 o‘yin uchun ham qo‘llash mumkin. Bu o‘yinlarning ham ikkitasida mehmonlar g‘alaba qozonishgan.
«Kristal Pelas»ning APLdagi natijalari, ayniqsa, kuchsizroq jamoalar bilan o‘yinlari tarkibga mos emas deyish mumkin. Jamoa besh yo‘indan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Shuningdek, kuni kecha, Angliya Liga kubogi bahsida qo‘yi liga vakili «Midlsbro»ga imkoniyat boy berildi.
Qoniqarsiz natijalardan kelib chiqib, keyingi pallalar Roy Hojson shogirdlari uchun yanada qiyin bo‘lishi taxmin qilinayotgandi. Chunki o‘tgan hafta «Arsenal» bilan o‘yindan boshlangan davr, endi «Chelsi», keyingi haftalarda «Totenhem» va «Manchester Yunayted» bilan davom etishi kerak. Ammo aynan «Arsenal» bilan o‘yinda jamoa ochko olishni boshladi.
«Azarsiz ikki o‘yinda yetti gol – juda yaxshi ko‘rsatkich» – deb izoh berdi «Byornli»dagi 4:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng Maurisio Sarri. Bu o‘yinda ham Azarning maydonga tushishi so‘roq ostida. Shunday bo‘lsa-da, jamoa yetakchi futbolchisiz ham hujumda samarali o‘ynashni o‘rganib olmoqda. Azardan tashqari Olive Jiru ham bu o‘yinda jamoasiga yordam bera olmasligi mumkin. «Kristal Pelas» safida, Kristian Bentekening bo‘lmasligiga hamma o‘rganib qoldi. Shuningdek, Joyel Uord ham bu o‘yinda o‘ynay olmasligi mumkin.
BOShQA O‘YINLAR
2 noyabr. «PSJ» – «Lill» (3 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45), «NAPOLI» – «Empoli» (3 noyabrga o‘tar kechasi, 00:30)
3 noyabr. «Leganes» – «ATLeTIKO» (17:00), «INTeR» – «Jyenoa» (19:00), «BAVARIYa» – «Frayburg» (19:30), «Volfsburg» – «BORUSSIYa» D (19:30), «Fiorentina» – «ROMA» (22:00), «YuVeNTUS» – «Kalyari» (4 noyabrga o‘tar kechasi, 00:30), «Rayo Valekano» – BARSeLONA» (4 noyaborga o‘tar kechasi, 00:45)
4 noyabr. «MANCheSTeR SITI» – «Sauthempto» (20:00), «Udineze» – «MILAN» (5 noyabrga o‘tar kechasi, 00:30).
Mavzuga oid
15:52 / 10.11.2024
«Arsenal»da ham inqiroz. Buning sabablari nimada?
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:33 / 03.11.2024
APLda sensatsiyalar kuni, Husanovda ilk qizil. Kun o‘yinlari
14:31 / 02.11.2024