Jamiyat | 18:16 / 02.11.2018
7285
6 daqiqa o‘qiladi

Yosh olimning “TezMed” loyihasi shifokorlar va bemorlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi

Oliy ta'lim muassasalari, Ilmiy tadqiqot muassasalarining bakalavr, magistr, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarining ilmiy nazariy hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlarini natijadorligini oshirish, ishlab chiqarishga samarali joriy etish, eng asosiysi esa, ularning ilm-fan yutuqlariga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh olimlar kengashi “Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari” grant tanlovi o‘tkazildi.

Unda 100 ga yaqin loyiha ichidan 3 yo‘nalish bo‘yicha eng istiqbolli 9 ta innovatsion loyiha saralab olindi. Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir pallada buyuk kelajagini innovatsion g‘oyalar, innovatsion loyihalar bilan kreativ yondashuv asosida barpo etayotgan iqtidorli yosh olimlar o‘z kashfiyotlari bilan muvaffaqiyat qozondi. Aniq, ijtimoiy-gumanitar hamda tabiiy fanlar bo‘yicha tashkil etilgan bellashuvda har bir yo‘nalish bo‘yicha 3 tadan eng sara loyihalar baholash mezonlari asosida tanlab olindi.

Tanlov g‘oliblarining loyihalarini amaliyotga tatbiq etishlari uchun 10 mln so‘mdan grantlar ajratildi. G‘oliblar orasida Inha universiteti talabasi Madina Hamidova Aniq fanlar bo‘yicha “TezMed” nomli loyihasi bilan zafar qozondi.

- Madinaxon, sizni “Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari” grant tanlovidagi g‘oliblik bilan muborakbod etamiz. Har bir muvaffaqiyat zamirida katta mehnat, ko‘plab izlanish va ulkan shijoat yotadi. Sizning mehnatingiz bugun munosib rag‘batlantirildi. 50 ta innovatsion loyiha ichidan mazkur ixtiro “Eng dolzarb mavzu” sifatida saralab olindi. Bu loyiha o‘zi nima vazifalarni bajaradi?

– “TezMed” loyihasi – tez tibbiy yordam boshqaruv tizimini avtomatlashtirish uchun innovatsion dasturiy ta'minot to‘plami sanaladi. U mobil ilova sifatida aholidan kelib tushayotgan ma'lumotlarni qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularni avtomatik ravishda ustun tartibda belgilash va planshetlarning GPS navigatsiyasidan foydalanish orqali transportni boshqarish uchun mo‘ljallangan. Bu xizmat tez yordamga murojaat qilgan shaxslarning yashash manzilini avtomatik ravishda qidirib topadi. Murojaatchilarning yoshini va chaqiruv sababini ko‘rsatgan holda, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilmasdan turib, bepul tibbiy xizmat chaqiruvini qoldirish mumkin.

Bu dastur dori-darmonlar va tibbiy mahsulotlarning rekvizitlarini saqlab turadi. Aholining tez tibbiy yordam samaradorligini baholashni ham nazorat qiladi. Uning funksional imkoniyatlari juda ko‘p. Jumladan, shoshilinch tibbiy xizmatni qo‘ng‘iroqsiz, mobil ilova orqali chaqirishga va tez tibbiy yordamni kuzatishga, eng yaqin tez tibbiy yordamni chaqiruv manziliga yetib borishiga imkon beradi. Bundan tashqari, qisqa vaqt ichida tibbiy muassasalarning ma'lumotlar bazasidagi muhim aloqalarni topish va xodimlar bilan bevosita aloqada bo‘lish imkonini beradi.

- Dasturning qo‘llash yo‘riqnomasi haqida ma'lumot bersangiz…

– Texnik jihatdan, bu dastur IOS va Android operatsion tizimlariga mobil ilovani o‘rnatish orqali, shuningdek, haydovchining Android dasturini va tez yordam dispetcheri uchun ma'lumot boshqarish "web-interfeys" ini o‘z ichiga olgan tizim sifatida qo‘llaniladi.

- Innovatsion loyihaning yangiligi nimada?

– “TezMed” tizimidagi yangilik shifokorlar bemorlarning kasalliklari va mavjud allergiya holati haqida ma'lumot keltirilgan elektron tibbiy kartasidan foydalana oladi. Bunday ma'lumotlar shifokorlarga tez va to‘g‘ri tibbiy xulosa chiqarish hamda to‘g‘ri tashxis qo‘yishga yordam beradi.

- Loyiha ustida qachondan ish boshlagansiz?

– Bu loyiha ustida 2018- yil mart oyidan boshlab ish olib boryapman. Hattoki, loyihani O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vazirligi va Tibbiy Yordam Ko‘rsatish Respublika ilmiy Markazida taqdim etishga ham muvaffaq bo‘ldim.Bu innovatsiya O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘limi boshlig‘i tomonidan amaliyotga tatbiq etishga yo‘naltirildi.

- Bu kashfiyotning qanday afzalliklari mavjud?

– “TezMed” tizimi  yoqilg‘i sarfini kamaytirish, kerakli statistikani olish, yolg‘on chaqiriqlarni aniqlash, favqulodda vaziyatlar, baxtsiz hodisalar va kasalliklar oqibatlarini bartaraf etishda yordam beradi. Endi dispetcherlar qog‘oz to‘ldirib ovora bo‘lishmaydi. Faqatgina kelib tushayotgan onlayn-chaqiruvlarni tasdiqlashadi, xolos. Bu orqali eng yaqin tez tibbiy xizmatini ham avtomatik ravishda aniqlash mumkin.

- Loyihani nima maqsadda ixtiro qildingiz?

– Mazkur mobil ilovani bemor va tez yordam xizmati uchun tez tibbiy yordamni chaqirishda yuzaga keladigan muammolarning ijobiy yechimi sifatida yaratdim. Qolaversa, bu xizmatdan tezkor tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini joriy qilish ham ko‘zlangan. Dasturni 2019-yilda ishga tushiriladi. O‘zbekiston taraqqiyotining rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shib, “TezMed” ilovasini O‘zbekistondan chiqqan dunyo brendiga aylantirishdir.

- Kelgusidagi rejalaringiz...

- IT sohasidagi yetakchi mutaxassis bo‘lishni oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Shuningdek, odamlarning hayotini saqlab qolish va o‘z mamlakatimning strategik rivojlanishi, yurtimiz farovonligiga o‘z hissamni qo‘shish uchun munosib xizmat qilish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid