Xitoyda yo‘lovchi va haydovchi o‘rtasidagi janjal yirik avtohalokatga sabab bo‘lgani aniqlandi
28 oktabrda Xitoyning Chuntsin shahrida avtobusning ko‘prikdan Yantszi daryosiga tushib ketishiga ayol yo‘lovchi va haydovchi o‘rtasidagi janjal sabab bo‘lgani aniqlandi. Ushbu avtohalokat 13 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, 2 kishi hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Haydovchi o‘rindig‘i ustida joylashgan kameradan olingan videoga ko‘ra, yo‘lovchilardan biri tushishi kerak bo‘lgan bekatni o‘tkazib yuborgan va haydovchidan avtobusni to‘xtatishni so‘ragan. Biroq haydovchi ko‘prikka kirib bo‘lgani va u yerda tushish mumkin bo‘lgan joy bo‘lmagani sababli yo‘lovchining iltimosini rad etgan. Shunda ayol jazavaga tushib, baqira boshlagan va haydovchining boshiga musht tushirgan. Haydovchi yo‘lovchiga javob qaytarishga urinib, o‘ng qo‘li bilan rulni qo‘yib yuborgan va yo‘ldan ko‘zini uzgan. U bir necha onga boshqaruvni qo‘ldan chiqarib, yengil avtomobilga urilgan, so‘ngra avtobus ko‘prik chetidagi to‘siqqa urilib, daryoga tushib ketgan.
Dastlab avtohalokatga yengil mashinani boshqargan haydovchi ayol sababchi bo‘lgani taxmin qilingan, biroq keyin yo‘l-transport hodisasiga avtobusdagi janjal, jumladan haydovchi sabab bo‘lganining isboti topilgan.
Avtohalokat haqida xabar berilgandan keyin odamlarni qutqarishga o‘nlab qutqaruvchilar, harbiylar, politsiyachilar, g‘avvoslar va ko‘ngillilar safarbar qilingan. Bir nechta kema va kichik suv osti robotlari jalb qilingan. 31 oktabrda maxsus texnika yordamida avtobusni 70 metr chuqurlikdan chiqarib olishga muvaffaq bo‘lingan.
Mavzuga oid
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
17:02 / 12.11.2024
Piskentda haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida qariyb 16 ming tup olxo‘ri daraxti yonib ketdi
14:15 / 12.11.2024
BAA o‘zbekistonlik haydovchilarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda
07:30 / 05.11.2024