Jamiyat | 19:56 / 02.11.2018
65619
6 daqiqa o‘qiladi

Oramizda shunday insonlar ham bor...

Surxondaryoda aholiga ijtimoiy ta'minot o‘z vaqtida ko‘rsatilmoqdami?

So‘nggi vaqtlarda kam ta'minlangan, jismoniy imkoniyati cheklangan, turli sabablarga ko‘ra nogiron bo‘lib qolgan yoki tug‘ma nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan e'tibor sezilarli darajada ortib bormoqda. Ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida qonunlar, farmonlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Bunday insonlarga maksimal darajada har tomonlama yordam berish zarur. Ijtimoiy ta'minot masalasi harakatlar strategiyasiga kiritilgani so‘zimizning yaqqol misoli bo‘ladi. Mazkur siyosat joylarda amalga oshirilishida hokimiyat va mahalla fuqarolar yig‘inining o‘rni juda muhim. Biroq bu siyosat mahalliy hududlarda to‘liq amalga oshirilmoqdami? Yordamga muhtoj insonlarga vaqtida ular tomonidan ko‘maklar berib kelinmoqdami?

Yaqinda «KUN.UZ» tahririyatiga Surxondaryo viloyati Uzun tumanidan murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida tumandagi «Bahoriston» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Yo‘ldoshev Nazarali akaning xonadoniga bordik.

Youtube'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

Xonadon vakillari juda nochor ahvolda kun kechiradi. Hovlida ikki xonali uy bor. Uch aka-uka oilasi bilan tor va ta'mirtalab uyda yashaydi. Undan tashqari xonadonda ikkita nogironligi bo‘lgan odam bor. Nazarali akaning turmush o‘rtog‘i oilaviy sharoitini va bo‘lib o‘tgan voqealarni to‘liq tushuntirib berdi.

«Bir necha bor kerakli joylarga murojaat qildik. Tuman hokimligiga ham. Har safar xodimlar keladi-da rasmga tushirib, yordam beramiz deb va'da berib ketadi. Shu bilan yo‘q. Umid berib kuttirishdan nima naf? Topgan daromadimiz xarajatlardan ortmaydi. Nafaqalarimiz ham ro‘zg‘orga ketmoqda. Qish yaqin, havo soviydi. Uyni ham ta'mirlatishimiz  kerak. Nolimaymiz, 10 qop sement berib ketishdi. Lekin boshqa materiallarga pulimiz bo‘lmaganidan keyin ta'mirni boshlay olmayapmiz.

Yaqinda ham davlat tomonidan moddiy yordam beriladi va kam ta'minlangan oilalarga sigir tarqatiladi deb ro‘yxat tuzishdi. Ro‘yxatda biz ham bor edik. Biroq hali ham sigir berilmadi. Keyin murojaat qildik. O‘rniga pishirish pechi berib ketishdi. Sigir berilmas emish. Unda nega ro‘yxat tuzishdi? Biz tushunmadik.

Ko‘pchilik yashayotganimiz sababli yer beriladi deyildi. Ammo yerdan ham darak yo‘q. Hokimning qarorini ko‘rmadik hali», - dedi Nazarali akaning turmush o‘rtog‘i.

Shundan so‘ng, Uzun tuman hokimiyatiga izoh olish uchun bordik. Hokimlikda ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis - Baxtiyor Narziqulovga uchrashdik. Murojaatchi yashaydigan M.F.Y raisi kelishi bilan birgalikda tushuntirish berishini aytdi. «Bahoriston» M.F.Y raisi Sobir Rajabov kelib bo‘lgan voqealarga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Uning aytishicha, yer masalasi bo‘yicha fuqaro bilan joyiga borib o‘lchash ishlari amalga oshirilgan. Hokim qarori chiqish arafasida. Sigir masalasida ro‘yxat shakllangan. Mahalla raisi ro‘yxatda Nazarali Yo‘ldoshev ham borligini tasdiqladi. Agar ajratilsa, oilaga ham berilishini ta'kidladi. Pishiriqlar pishirish pechi davlat tomonidan sovg‘a sifatida berilganini tushuntirdi. Uyning ta'miri masalasida esa hisob palatasidan yaqinda xodimlar kelganda ham rejaga kiritilganini bildirdi va yana fuqaroga 500 kg sement ham yordam tariqasida berilganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, 2013 yil 15 fevralda «Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» Vazirlar Mahkamasining 44-sonli qarori tasdiqlangandi. Qarorga ko‘ra, mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, aynan shu sohaga oid bir nechta qaror va farmonlar ham qabul qilingan.

O‘zbekistonda inson manfaati barchasidan ustun ekani tinmay ta'kidlanmoqda. Lekin bular qog‘ozlarda qolib ketmasligi kerak. Hammasi birin-ketin hayotga tatbiq qilinmog‘i lozim. Ichkaridan ham, tashqaridan ham juda ko‘pchilik kuzatib turibdi. Avvalo o‘z kelajagimiz, qolaversa xalqaro maydondagi imij uchun ham inson manfaatlarini barchasidan ustun qo‘yishimiz zarur.

Uzun tuman hokimiyatidan esa fuqaro nomiga yer bo‘yicha qarorni chiqarib berishlarini kutib qolamiz. Shu bilan birga, ijtimoiy ta'minot masalasida ham barcha sa'y-harakatlar chin yurakdan amalga oshirilishini, uch oila yashaydigan xonadonni ta'mirlashga moddiy yordam berishlarini ham so‘raymiz. Shunchaki, ularning o‘rniga o‘zimizni qo‘yib dard-u tashvishlarini his qilsak, albatta chin ko‘ngildan yordam berish hissi paydo bo‘ladi. Axir prezidentimiz ta'kidlaganidek, «Xalq bizdan rozi bo‘lsa, yaratgan ham rozi bo‘ladi». Davlat siyosatini o‘z vaqtida va vijdonan amalga oshiraylik.

Zafarbek Solijonov Kun.uz maxsus muxbiri
Fazliddin Abduqodirov operator

Mavzuga oid