Jamiyat | 10:49 / 19.10.2025
9273
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 3 ming dollar pora bilan ushlandi

U ushbu pulni tumandagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksining yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi haqida ijobiy xulosa berish evaziga talab qilgan. Shuningdek, Surxondaryoda majburiy ijro bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari va davlat ijrochisi, Toshkent shahrida esa advokatlar tezkor tadbirda qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida korrupsiya holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Navoiy viloyati Qiziltepa tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan murojaatga asosan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksining yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi haqida ijobiy xulosa berish evaziga 3 ming dollar talab qilgan. U ushbu pul mablag‘ini o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. 

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mansabdorga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Surxondaryoda Jarqo‘rg‘on tuman majburiy ijro bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari va davlat ijrochisi tezkor tadbirda qo‘lga olingan. Ular bo‘lim ish yurituvida bo‘lgan ijro ishi doirasida 1993 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan xorijga chiqishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilib berish uchun 600 dollar, paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka nisbatan yuritilgan ijro ishi doirasida xo‘jalikning yer maydonlarini auksion savdolarga chiqarmaslik evaziga 10 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Toshkent shahrida kuzatilgan holatda esa advokatlik byurosi advokati hamda advokatlik hay’ati advokatining noqonuniy harakatlari fosh etilgan. Ular Olmazor tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida unga qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini tanishlari orqali uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berish evaziga 14 ming dollar talab qilgan. Advokatlar Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan. 

Hozirda ushbu ikki advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-modddasi 3-qismi “a,v” bandlari va 28 orqali 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Avvalroq Buxoroda sud xodimi, Samarqandda Agroinspeksiya xodimi, Andijonda esa hokim o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid