Toshkentda isitish tizimi kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Joriy yil oktabr oyi o‘rtalarida havo haroratining sovib ketishi sababli Toshkent shahrida isitish mavsumi odatdagidan ertaroq boshlandi. 2017-2018 yil isitish mavsumida 10 noyabrdan ijtimoiy soha obektlari, 12 noyabrdan turar-joy binolarida muntazam isitish tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi. Bu yil esa Toshkent shahar hokimining tegishli qaroriga muvofiq, 2018-2019 yilgi isitish mavsumi 16 oktabrdan ijtimoiy soha obektlarida, 19 oktabrdan sinov tariqasida turar joy binolarida muntazam isitishga kirishildi. Xo‘sh, erta boshlangan isitish mavsumi uchun «Toshissiqquvvati» DUK qanday tayyorgarlik ko‘rdi? Oldinda turgan qish oylarida isitish tizimida nosozliklar yuzaga kelmasligi uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?
«Toshissiqquvvati» DUK bosh muhandisi Aziz Karimbekovning aytishicha, Toshkent shahri aholisiga 12ta katta markaziy qozonxona hamda 202ta kichkina mahalliy qozonxonalar orqali issiqlik energiyasi bilan yetkazib beriladi. Mazkur issiqlik markazlaridan chiqqan jami 2700 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari orqali Toshkent shahrida joylashgan 12 mingdan ortiq ko‘p qavatli aholi turar-joylari va ijtimoiy soha obektlari issiqlik energiyasi bilan ta'minlanadi.
«Tan olish kerak, hozirgi kunda issiqlik tarmoqlarining eskirish holatlari ko‘p uchramoqda. 2018-2019 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida issiqlik tarmoqlariga yuqori bosim berib ularning chidamliligi sinovdan o‘tkazildi. Natijada, ko‘plab quvurlar holati talab darajasida emasligi aniqlanib, avariya keltirib chiqarish ehtimoli yuqori bo‘lgan quvurlar yangilari bilan almashtirildi. Mavsum oldidan ta'mirlash rejasidagi 32 km uzunlikdagi eskirgan issiqlik tarmoqlari ta'mirlanishi o‘rniga 37 km 130 metr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari qayta ta'mirdan chiqarildi.
Isitish davrida issiqlik tarmoqlariga maksimal bosimdan oshmagan holda issiqlik tarqatamiz. O‘ylaymizki, endi quvurlarda hech qanday nosozlik holatlari sodir bo‘lmaydi», deydi bosh muhandis.
Kun.uz o‘quvchilari qishki mavsum boshlanmay turib, ayrim hududlarda isitish tizimining sust ishlashi va ayrim joylarda bosimning tushib ketayotgani haqida tahririyatga xabarlar yo‘lladi. Bunday vaziyat aslida nimadan kelib chiqqan?
«Isitish tizimining ishlashi 3 ta asosiy tashkilotlar: issiqlik energiyasini xarid qiladigan «Toshkent issiqlik markazi» DUK, issiqlik energiyasini ulardan olib aholiga yetkazib beradigan «Toshissiqquvvati» DUK va ko‘p qavatli uylar ichida isitish tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatiga bog‘liq. Tizimdagi bu uch tashkilotlardan har qaysi biri o‘z ishini to‘liq bajarmasa, issiqlik energiyasini yetkazib berish sifati buziladi. Agar ko‘p qavatli aholi turar-joy binolarida issiqlik uzatish tizimi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, birinchi navbatda XUJMShga (xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari) murojaat qilinadi. Ulardan biror natija chiqmagan holatda «Toshissiqquvvati» DUK tuman boshqarmalariga murojaat etishsa biriktirilgan xodimlarimiz joylarga chiqib mavjud muammolarni bartaraf etib keladi», deydi Aziz Karimbekov.
Ma'lum qilinishicha, bu yilgi kuz-qish mavsumi jarayonida yuzaga keladigan kamchilik va muammolar hisobga olinib, keyingi yil uchun rejalar tuziladi. 2019 yilda dastlab 605 ta qozon, 33 km.lik issiqlik tarmoqlarini ta'mirlash, 437 km.lik issiqlik tarmoqlarini joriy ta'mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Sabohat UZOQOVA
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024