O‘zbekiston | 11:27 / 03.11.2018
12739
6 daqiqa o‘qiladi

Qish-bahor mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilish ustidan nazorat takomillashtiriladi

Foto: Pinterest

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Qish-bahor mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilish tartibi ustidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilish tartibi tasdiqlanishi mumkin.

Qish-bahor mavsumi uchun ichki iste'mol maqsadlariga asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish va savdoga chiqarish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanadi.

Respublika ishchi guruhiga:

qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hududlar kesimida zaxiraga jamg‘arishning belgilangan prognoz hajmlarining bajarilishi yuzasidan monitoring natijalarini tanqidiy muhokama qilib borish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholi ehtiyojiga nisbatan kam yetishtiriladigan hududlar zaxirasi uchun yetishmaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi ehtiyojdan ortiqcha bo‘lgan hududlar hisobidan qoplash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

mahalliy hokimliklar hamda “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tomonidan zaxira tadbirlariga jalb etilgan tayyorlovchi tashkilotlar bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida mahsulot yetkazib berish yuzasidan istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraktatsiya shartnomalari tuzish ishlarini samarali tashkil etilishini nazorat qilish;

zaxira tadbirlariga jalb etilgan tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan zaxira maqsadlari uchun talab etiladigan mablag‘lar bo‘yicha talabnomani Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘z vaqtida taqdim etilishini, mablag‘larni ajratilishini va ularni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish;
zaxira maqsadlari uchun omborxonalar va sovutkichli sig‘imlar yetishmayotgan hududlarga boshqa hududlardagi ortiqcha sig‘imlarni biriktirish hisobiga mavsum davomida mavjud sig‘imlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish;

qish-bahor oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ichki iste'mol bozorida narxlar kon'yunkturasini doimiy monitoringini yuritish va o‘zgarishini bashorat qilish asosida narxlarning keskin tebranishini oldini olish maqsadida ilovalarga muvofiq tasdiqlangan tarmoq jadvallari ijrosini nazoratga olish va zarur hollarda unga tegishli tuzatishlar kiritish;

mahsulotlarni zaxiraga jamg‘arishning belgilangan prognoz hajmlari va sotishga chiqarish tarmoq jadvallari bajarilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijalari asosida zaxira maqsadlari uchun mahsulotlarni xarid qilish, tayyorlash, saqlash va sotish bilan bog‘liq aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifalari yuklatiladi.

Qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilish bo‘yicha tayyorlov tashkilotlarining muntazam yangilab boriladigan reyestri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahar hokimliklari tomonidan shakllantiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahar hokimliklari o‘z veb–sahifalari va ommaviy axborot vositalarida tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantirish uchun har yili avgust oyida qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilish uchun ishtirok etuvchi tayyorlov tashkilotini tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lonni joylashtiradi.

Tayyorlov tashkilotlarini tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lon tanlov o‘tkazilishi va tayyorlov tashkilotlaridan takliflarni qabul qilish muddati tamom bo‘lishi sanasidan kamida bir oy oldin joylashtiradi.

E'londa quyidagi ma'lumotlar bo‘lishi kerak:

mahsulot turlari va hajmlari;

tayyorlov tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar;

tayyorlov tashkiloti bilan aloqa qilish uchun aloqa qiluvchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir necha mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi va manzili;

zarur hujjatlarning qoidalarini tushuntirishga so‘rov berish shakli;

takliflar bildirilgan buyurtmanomalarni berish muddati tamom bo‘lish sanasi va vaqti.

E'londa qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa ma'lumotlar ham bo‘lishi mumkin.

Tayyorlov tashkilotlari tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlari taqdim etadi:

ariza;

hisob-kitob raqami holati to‘g‘risida ma'lumotnoma;

ulgurji savdoni amalga oshirish huquqiga ega litsenziya mavjudligi to‘g‘risida ma'lumot;

talabgorda tegishli ravishda omborxona va sovutkich kameralarining mavjudligi;

shartnomalarni ijro etish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslar mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.

Taqdim etilgan ma'lumotlarning ishonchliligi va to‘liqligi uchun tayyorlov tashkilotlari javob beradi.

Tayyorlov tashkilotlarining takliflarni ko‘rib chiqish va baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

shartnomalarni ijro etish uchun talabgorlarda zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslarning mavjudligi;

talabgorlarda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha qarzdorlikning yo‘qligi;

talabgorlarda qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun tegishli ravishda omborxona va sovutkichlarning mavjudligi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid