Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda mehnatga layoqatli 13 mln kishidan 4 mln kishi sug‘urta badali to‘laydi
O‘zbekistonda mehnatga layoqatli fuqarolardan atigi 4 mln kishi sug‘urta badali to‘laydi. Albatta, qolgan 9 mln kishi ishsiz ekanini anglatmaydi, aksincha, ularning ko‘pchiligi daromadlarini oshkor qilmasligini bildiradi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov OAV vakillari bilan uchrashuvda shu haqda ma'lum qildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan KUN.UZ muxbirining xabar qilishicha, mazkur holat mehnatga layoqatli, biroq sug‘urta badali to‘lamayotgan fuqarolar pensiyaga chiqishida turli tushunmovchiliklar va muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligi ta'kidlangan.
“Ish haqiga keladigan bo‘lsak, bu hammani qiynab keladigan masala. Mehnatga layoqatli aholi 13 mln kishini tashkil etadi. Bularga 18-60 yoshdagi erkaklar hamda 18-55 yoshdagi ayollar kiradi. 13 mln odamdan bor-yo‘g‘i 4 mln 800 kishi sug‘urta badalini to‘laydi. Bu kelgusi yigirma yilda aynan sug‘urta badalini to‘layotganlar pensiyaga chiqa oladi, deganidir. Qolganlari-chi, degan savolga javob yo‘q. Ular keksayganida nafaqa to‘lash mumkindir, lekin uning miqdori barchamizga ma'lum. Ishlayotganlar orasida faqat byudjyet tashkilotlari xodimlari emas, xususiy sektorda mehnat qilayotganlar ham bor.
Ish haqi jamg‘armasidan soliqlar va ajratmalarni isloh qilishda belgilanganidek, 12 foiz yagona soliq bo‘ladi. Bugungi kunda bu boradagi raqamlar qanday? Daromad solig‘i o‘sib boruvchi shkala bo‘yicha belgilangan bo‘lib, ish haqi olayotgan kishi daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda 0, 7,5 foiz, 16,5 foiz, 22,5 foizgacha soliq to‘lardi. Bundan tashqari, yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 15-25 foiz. Ish haqi jami yuklama 45-53 foizgachadir”, - dedi Dilshod Sultonov.
Yig‘ilishda ta'kidlanishicha, 2019 yil 1 yanvaridan 8 foizlik sug‘urta badali ham bekor qilinmoqda. Katta-kichik korxonalar, davlat ulushi bo‘lmasa, 12 foiz yagona ijtimoiy to‘lovni to‘laydi, xolos. Ish haqiga doir qolgan barcha to‘lovlar ham bekor qilinadi.