Jahon | 23:05 / 08.11.2018
8953
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanning 14 mln fuqarosiga ochlik xavf solmoqda

Foto: Anadolu agency

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, fuqarolik urushi girdobida qolgan Yamanning 8 mlnlik aholisi oziq-ovqat yetishmasligiga to‘qnash keldi. Bu haqda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori va huquq himoyachisi Tavakul Karmon Istanbulda ochilgan, “Yaman: urush xavfi va tinchlik imkonlari” mavzusidagi anjumanda ma'lum qildi. Anjumandan maqsad Yamanning ichki, tashqi, xalqaro muammolarini yoritishdan iborat.

“BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Yamanning 8 mlndan ko‘proq aholisi oziq-ovqatga muhtojlik sezmoqda. Yamanda 2 mlndan ko‘proq bola va deyarli 2 mln homilador ayol yordamga muhtoj. 14 mln kishiga ochlik xavf solmoqda, bu esa Yaman umumiy aholisining yarmini tashkil qiladi”, deb aytgan Karmon.

Foto: Anadolu agency

Uning aytishicha, anjumandan maqsad Yaman muammolariga e'tibor qaratish va ularni hal qilish yo‘llarini izlashdan iborat.

“Yamanda so‘nggi 4 yil ichida urush va davlat to‘ntaruvi oqibatida vujudga kelgan favqulodda murakkab jarayonlar yuz bermoqda. Jumladan, bu vaziyat Yamanda qurollangan guruhlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda va bu juda xavfli tendensiyadir”, deb aytgan huquq himoyachisi.

Karmonning ta'kidlashicha, “arab bahori” ta'siri davomida Yamanda adolat, erkinlik va demokratiya talablari qo‘yilgandi.

“Shu bilan birga demokratiyani talab qilganlarga xavf yaratgan qarshi tomon shakllandi. Natijada ko‘plab siyosiy guruhlar va ekstremistlar paydo bo‘lishiga zamin yaratilgan”, deb qo‘shimcha qilgan Karmon. 

Uning aytishicha, bunday ig‘volar g‘arb davlatlari yordamida ishlab chiqilgan.

Yamanda 2014 yildan beri husiylar va hukumat kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv davom etib kelmoqda. 

Mavzuga oid