Jahon | 19:30 / 09.11.2018
10551
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya o‘z tankini seriyali ishlab chiqaradi

Foto: AP Photo / Burhan Ozbilici

Turkiya qurolli kuchlari bosh shtabi, mudofaa sanoati kotibiyati va BMC kompaniyasi vakillari Anqarada 250 ta Altay turk tankini ishlab chiqarishga shartnoma imzolashdi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar berdi. 

Turkiya mudofaa sanoati kotibiyati rahbari Ismoil Demir shartnomani imzolash marosimida mahalliy tanklarni ishlab chiqarish mamlakatning xorijiy mudofaa mahsulotlariga bog‘liqligini kamaytirishini aytgan. Demirning ta'kidlashicha, Altay tanki Turkiya qurolli kuchlarining quruqlikdagi yetakchi jangovar quroli bo‘ladi va mamlakat mudofaa qobiliyatini ta'minlashda muhim ulush qo‘shadi.

Istiqbolda Turkiyada ushbu tankdan mingta ishlab chiqariladi. Shu tariqa, Turkiya qurolli kuchlarining tank qismlari sezilarli modernizatsiyalanadi. Loyiha 25-30 mlrd dollarga baholanmoqda va uni 20 yil ichida amalga oshirish rejalashtirilgan.  

“Altay milliy tanki” loyihasi 2007 yilda Turkiya mudofaa vazirligi va Otokar kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan bitim bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Turkiya tanklar ishlab chiqarishda tajribaga ega bo‘lmagani sababli, Otokar Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan yangi tank prototipini yaratish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Janubiy Koreya kompaniyasi shartnoma doirasida K-2 Black Panther koreys tankida qo‘llangan barcha texnlogiyalarni turk tomoniga bergan.

Altay’ning birinchi namunasi 2011 yil mayda Istanbuldagi qurol-aslaha ko‘rgazmasida taqdim qilingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid