Birinchi jahon urushining tugaganligiga roppa-rosa bir asr to‘lishi munosabati bilan bugun Parijda o‘tkaziladigan xotira marosimiga jahonning turli davlatlari yetakchilari yetib kelishdi.
Kunning ikkinchi yarmida jahon yetakchilari Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan tashkillashtirilgan va «zamonaviy dunyoda taranglik oshib borayotganiga javob bo‘lishi» kutilayotgan Tinchlik forumida ishtirok etishadi.
Birinchi jahon urushi tugaganligiga yuz yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali tadbir Toshkent vaqti bilan soat 15:00da Parijdagi g‘alaba arkasi oldida start olgan. Unda 70dan ortiq mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. Ularning orasida AQSh, Turkiya, Rossiya prezidentlari, Germaniya kansleri, BMT bosh kotibi, NATO bosh kotibi, YuNeSKO bosh direktori kabi shaxslar bor.

Yelisey saroyi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan ro‘yxatga ko‘ra, Parijda Serbiya, Ukraina, Isroil, Avstriya, Finlyandiya, Gurjiston, Latviya, Estoniya prezidentlari, Gretsiya, Ispaniya, Armaniston, Belgiya, Chexiya, Niderlandiya va Kanada bosh vazirlari ishtirok etmoqda.
G‘alaba arkasi oldidagi marosim tugagach, Parijga taklif etilganlar Yelisey saroyida tushlikka borishadi. Tadbirlar davomida 10 mingdan ziyod tartib posbonlari xavfsizlikni ta'minlashmoqda.
Trampsiz forum
Kunning ikkinchi yarmida Parijdagi La-Villet bog‘idagi katta zalda Tinchlik forumi o‘z ishini boshlaydi va u yerda Makron, Merkel va Guterrish so‘zga chiqadi.
Frantsuz OAVlarining xabarlariga ko‘ra, shanba oqshomida Parijga kelgan Donald Tramp Emmanuel Makron bilan muzokaralar olib borib, forumda ishtirok etmaslikka qaror qilgan.
Tinchlik forumining ishi uch kun davom etadi va 13 noyabr kuni tugaydi. Fransiya tashqi ishlar vazirligi saytida qayd etilishicha, forumning maqsadi «Global tartibga solish hisobiga tinchlik sa'y-harakatlarini mustahkamlash va xalqaro taranglikni yumshatish uchun barcha narsalarga yordam berish: transchegaraviy muammolarni yechish uchun davlatlar o‘rtasida hamkorlik, butunjahon merosi obektlaridan birgalikda foydalanish, internetni tartibga solishni va axborot almashinishni yanada yaxshilash»dan iborat bo‘ladi.
Ko‘zlanishicha, forum har yili o‘tkaziladi va «tartibga solish jarayonining barcha faol ishtirokchilarini birlashtiruvchi, tajriba va novatorlik yechimlarini almashinuv platformasi»ga aylanadi.
















