Jahon | 13:50 / 11.11.2018
9074
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik general Merkelni Kiyevning NATOga a'zo bo‘lish bo‘yicha rejalarini barbod qilishda aybladi

© AFP 2018 / Omer Messinger

Ukrainalik general, mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Igor Romanenko Germaniya kansleri Angela Merkelni Kiyevning NATOga a'zo bo‘lish borasidagi rejalarini barbod qilishda aybladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga nisbatan kollektiv xavfsizlik mexanizmini ishlatish bilan bog‘liq muammolar bor. Romanenkoning qayd etishicha, agar GFR yetakchisining siyosati bo‘lmaganida Ukrainaning NATOga a'zo bo‘lish istiqbollari boshqacha bo‘lar edi.

«Biz intilmoqdamiz, lekin munosabat turlicha bo‘lmoqda. Bizda 2008 yilda yaqinlashish uchun eng katta imkoniyat bo‘lgan edi, lekin Putin frau Merkel bilan kelishdi va afsuski Ukraina va Gurjiston a'zolik bo‘yicha harakatlar rejasini ololmasligi uchun barcha ishni qilishdi», — degan Romanenko ZIK telekanali efirida.

Ukraina Oliy Radasi 2014 yilning dekabrida ikki qonunga o‘zgartirish kiritdi va davlatning bloklarga a'zo bo‘lishdan xoli statusini bekor qildi. Bundan tashqari, 2016 yilning iyunida NATOga a'zo bo‘lish mamlakat tashqi siyosatining maqsadi ekanligini ifodalovchi qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritildi.

NATOning sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Ukraina alyansga a'zo bo‘lish uchun bir qator kriteriylarni amalga oshirishi kerakligi va buning uchun juda ko‘p vaqt talab qilinishini aytib o‘tgan edi. Ekspertlarning fikricha, Kiyev yaqin 20 yil ichida alyansga a'zo bo‘lish uchun da'vogarlik qila olmaydi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid