Jahon | 10:10
1088
3 daqiqa o‘qiladi

MRB rahbari: Ukrainadagi frontga kelgan rossiyalik yangi askar o‘rtacha 20–30 daqiqa yashaydi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliffning ma’lum qilishicha, Ukrainadagi urushga yangi kelgan Rossiya harbiy xizmatchilari front chizig‘ida o‘rtacha 20–30 daqiqa ichida halok bo‘lmoqda. U bunday yuqori yo‘qotishlarni sun’iy intellekt elementlari bilan jihozlangan jangovar dronlarning keng qo‘llanayotgani bilan izohladi.

Foto: /Russian Defence Ministry/TASS/dpa/picture alliance

Retkliff bu haqda 15 iyul kuni AQShning Pensilvaniya shtatida bo‘lib o‘tgan Mudofaa va innovatsiyalar sammitida so‘zlagan nutqi davomida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, MRB qo‘lidagi razvedka ma’lumotlari Ukrainadagi vaziyat haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ayrim ma’lumotlar bilan uyg‘un keladi.

«Sun’iy intellekt asosida ishlovchi dronlar ixtisoslashgan va nisbatan arzon “o‘ldiruvchi qurol“ga aylangani sababli harbiy xizmatchilarning omon qolishi tobora qiyinlashmoqda», — dedi MRB rahbari.

Retkliffning ta’kidlashicha, Ukraina tomonining zamonaviy texnologiyalarni tez o‘zlashtirishi urush maydonida kuchlar nisbatini ma’lum darajada tenglashtirishga xizmat qilgan. Bu esa Rossiya armiyasining hujum sur’atlari sezilarli darajada sekinlashishiga olib kelgan.

Shu bilan birga, Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ham Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida yangi tahlilni e’lon qildi.

Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilda Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina armiyasiga nisbatan sakkiz baravar ko‘proq harbiy xizmatchisini yo‘qotmoqda. Tahlilchilarning fikricha, 2022 yil fevralda boshlangan keng ko‘lamli urush davomida ikki tomonning jami yo‘qotishlari (halok bo‘lganlar, yaralanganlar va bedarak yo‘qolganlar) taxminan 2 million nafarni tashkil etgan.

Shundan 1,4 millionga yaqini Rossiya tomoniga, qolgan qismi esa Ukraina Qurolli kuchlariga to‘g‘ri keladi.

CSIS ma’lumotlariga ko‘ra, urushning asosiy qismi davomida Rossiya va Ukraina yo‘qotishlari nisbati 2:1 yoki 3:1 atrofida bo‘lgan. Biroq 2026 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich taxminan 8:1 gacha o‘sgan.

Tahlilchilarning qayd etishicha, Rossiya armiyasi yo‘qotishlarining 90 foizdan ortig‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli to‘qnashuvlar emas, balki Ukraina qo‘shinlari tomonidan qo‘llanayotgan dronlar zarbalari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayni paytda Retkliffning bayonotlari hamda CSIS keltirgan raqamlar mustaqil manbalar tomonidan to‘liq tasdiqlanmagan. Rossiya rasmiylari mazkur baholarga munosabat bildirmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid