ShHT mamlakatlari Yoshlar assambleyasining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidakbarxon Akbarov Yoshlar turizmini rivojlantirish Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik va turizm salohiyati rivojiga yangicha nafas baxsh etishini ta'kidladi va ShHT mamlakatlari Yoshlar assambleyasining kelgusi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bilan chiqdi. KUN.UZ muxbiri Dunfan shahri (Xitoy)da bo‘lib o‘tgan I ShHT Yoshlar assambleyasi doirasidagi O‘zbekiston vakilining so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Saidakbarxon Akbarov ShHT mamlakatlari yoshlarining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishi yo‘lida ularni to‘g‘ri yo‘naltirish muhimligiga diqqatni qaratib, bu yo‘lda yoshlarni turizmga jalb qilish ayni muddao ekani, ular uchun qator imkoniyatlar yaratilayotganini ta'kidladi.
“Yoshlarning aksariyati talabalar bo‘lgani bois biz ular uchun qulay va hamyonbop bo‘lgan yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Buning uddasidan chiqsak, bu ShHT maydonidagi hamkorlik va turistik salohiyat rivojiga yangicha nafas bag‘ishlaydi”, - dedi Akbarov.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari shuningdek turizm turli mamlakatlar yoshlarining yaqinlashuvi, o‘zaro do‘stona aloqalar o‘rnatishiga turtki berishiga alohida e'tibor qaratdi va shu o‘rinda Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilish imkonini taqdim etuvchi yangi viza haqida ma'lumot berdi.
“Biz hududlari Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab o‘tgan mamlakatlar turizmi rivoji uchun maxsus imkoniyatlarni taqdim etuvchi Silk Visa’ni tatbiq etishga doir ishlarni olib boryapmiz. Ushbu viza yordamida sayyohlar biryo‘la bir emas, bir necha mamlakatga sayohat qilishlari mumkin”, - qo‘shimcha qildi u.
ShHT mamlakatlar Yoshlar assambleyasi raisi Taalaybek Dayirbekov ham O‘zbekiston vakilining so‘zlarini qo‘llab-quvvatlab, ShHT doirasida turizmni rivojlantirish muhimligiga e'tibor qaratdi va bu nafaqat qo‘shni mamlakatlar, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan mintaqaga bo‘lgan e'tiborni oshirishini ta'kidladi.
Ma'lumot uchun: I ShHT mamlakatlar Yoshlar assambleyasi 9-11 noyabr kunlari Janubiy Xitoydagi Dunfan shahrida “ShHT yoshlari terrorizm va ekstremizmga qarshi” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari ShHT ko‘lamida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish va xavfsizlikni ta'minlashga oid dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.
Mavzuga oid
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
22:45 / 24.10.2024
2024 yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
17:47 / 15.10.2024