Jahon | 00:22 / 13.11.2018
11701
3 daqiqa o‘qiladi

Zamir Kabulov: Afg‘on jamiyatidagi parokandalik IShIDga ildiz otishga imkon berdi

Moskvada Afg‘oniston bo‘yicha o‘tgan anjumanning asosiy vazifasi mintaqadagi davlatlarning Afg‘onistonda ichki muzokaralarni yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoitlarni yaratishga jamoaviy urinishidan iborat. Buni Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov aytib o‘tdi.  

Kabulovning ta'kidlashicha, ushbu anjumanning asosiy jihati uning ochiqligi bo‘ldi va Moskvada bunday keng xalqaro formatda “Tolibon” harakatining delegatsiyasi ilk bor rasman ishtirok etdi. 

“Toliblar Moskvada o‘z xatti-harakatlari rejasini batafsil bayon qilishdi. Ular Afg‘onistondan barcha xorijiy qo‘shinlar olib chiqilishi jadvali bo‘yicha kelishuvga erishilgandan keyingina Kobul bilan gaplashishga tayyorliklarini aytishgan. Toliblar bunga ishonch hosil qilish chorasi sifatida barcha siyosiy mahbuslarning ozod etilishini va 1997 yilda kiritilgan hamda BMT Xavfsizlik kengashining keyingi rezolyutsiyalarida tiklangan barcha sanksiyalarning bekor qilinishi talab qilishmoqda”, deb ma'lum qilgan Kabulov.

Uning ta'kidlashicha, Moskvadagi muzokaralarning barcha ishtirokchilari IShID terrorchilariga qat'iy qarshi ekanliklarini bildirishgan. “Afg‘onistonda tinchlikka erishish vazifasidan tashqari, yana bir muammo – yagona dushman mavjud. Afg‘on jamiyatidagi parokandalik IShIDga ildiz otishga, o‘z bo‘limlari tarmog‘ini tashkil etishga imkon berdi”, deb ta'kidlab o‘tgan Kabulov.  

Rossiya prezidenti vakilining aytishicha, G‘arb Afg‘onistondagi urushda mag‘lub bo‘ldi. “Kelishib olish zarur. Kuch ishlatish ssenariysi bo‘yicha davom etish mumkin, biroq bu ushbu yo‘lni tanlaganlar yana 10 minglab halok bo‘lgan afg‘onlar va davlatning yanada barbod bo‘lishiga tupurganini anglatadi”, deb aytgan Kabulov.   

Rossiya vakili 2001 yilda toliblar Afg‘onistonda minimal darajada bo‘lgani, hozirda mamlakat hududining 60 foizini nazorat qilayotganiga e'tibor qaratgan. Bu holatga AQSh va NATO Afg‘onistonda 17 yildan beri qolayotgan bir vaqtda yo‘l qo‘yilgan.

Kabulovning aytishicha, agar Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilsa, keyingi qadam terrorchilik va narkotahdidga qarshi kurash bo‘ladi.

“Afg‘onistonda haddan ko‘p qon to‘kilgan va tinchlik sulhi yaqin orada tuzilishini kutish norealdir. Buni yaxshi anglaymiz. Bu har doim ko‘p vaqt oladi va bir necha uchrashuvlarni talab qiladi. Biroq muhimi, birinchi qadam qo‘yildi”, deb o‘z so‘zlarini nihoyalagan Kabulov.

Mavzuga oid