O‘zbekiston | 10:18 / 14.11.2018
88682
4 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik guvohnomalarini guvohnomaning yangi namunalariga almashtirish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi

Hozirgi kunda milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalariga almashtirish davlat xizmati tajriba-sinov tariqasida Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilmoqda. Toshkent shahrining Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur va Yunusobod tumanlari Davlat xizmatlari markazlari orqali mazkur xizmat soddalashtirilgan tartibda aholiga ko‘rsatib kelinmoqda.

Ammo oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari orqali mazkur davlat xizmati ko‘rsatilishining tartibi o‘zgarganligi, endilikda milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirish davlat xizmatini ko‘rsatishda 2019 yilning 1 yanvaridan qo‘shimcha hujjatlar, ya'ni haydovchining imtihon varaqasi, milliy haydovchilik guvohnomasini bergan hududiy YHXB tasdiqnomasi, belgilangan shakldagi tibbiy ma'lumotnoma va avtomototransport vositalarini o‘n ikki oy mobaynida boshqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar talab etilishi to‘g‘risida asoslanmagan xabarlar tarqatilmoqda. Natijada yuqorida nomlari qayd etilgan Davlat xizmatlari markazlarida uzun navbatlar va tartibsizliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Aksariyat hollarda, fuqarolar davlat xizmatining ko‘rsatilishidan, uzundan-uzun navbatlardan norozi bo‘lib qolmoqdalar.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ta'lim muassasalari va avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek imtihonlarni o‘tkazish va milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 57-bandi to‘g‘ri talqin qilinmasligi fuqarolarning asosli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bu e'tirozlar Internet ijtimoiy tarmoqlarida foydalanuvchilarning muhokamasiga, aholi o‘rtasida norozichilik kayfiyati uyg‘onishiga, ayniqsa aholining ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtirish tamoyiliga bo‘lgan ishonchi susayishiga olib kelmoqda.

Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 2 avgustdagi 156-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi ta'lim muassasalarini hisobga olish, imtihonlarga ruxsat berish va ularni o‘tkazish, haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom amalda bo‘lgan vaqtda ham Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi 116-son qarori 31-bandida nazarda tutilgan preferensiya qo‘llanib kelinib, yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar, 2020 yil 31 dekabrga qadar haydovchilik guvohnomalarini guvohnomaning yangi namunalariga almashtirish haydovchilar tomonidan pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni, shuningdek EKOIHning 70%i miqdorida to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar  taqdim etilganda amalga oshirilishi belgilangan.

Shu sababli, fuqarolardan yuqoridagidek asoslanmagan xabarlarga ishonmasliklarini so‘raladi va 2020 yilning 31 dekabriga qadar haydovchilik guvohnomalarini guvohnomaning yangi namunalariga almashtirish soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi ma'lum qilinadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid