Jahon | 20:17 / 14.11.2018
20134
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda oltin tangalar bilan firibgarliklar sodir etgan “tangalar sultoni” qatl etildi

Eronda xorijiy valyuta va oltin tangalar bilan firibgarliklar sodir etishda gumonlangan 2 kishi dorga osish orqali qatl etildi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi. 

“Tangalar sultoni” deb nom olgan Vohid Mazlumin va uning sherigi Muhammad Qosimiy Eron sudi tomonidan oktabrda “yirik hajmdagi xorijiy valyuta va oltin tangalar kontrabandasi va noqonuniy bitimlar sodir etish” orqali “iqtisodiy, valyuta va monetar tizimlarga putur yetkazganlik” uchun o‘lim jazosiga hukm qilingandi. 

Eronning Fars axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, oltin va xorijiy valyuta sotishga ruxsati bo‘lmagan Mazlumin mamlakatda bu aktivlar olibsotarligi bilan shug‘ullanuvchi yirik noqonuniy tarmoqni tashkil etgan. Mazluminning jamoasi uning ko‘rsatmalariga ko‘ra oltin tangalarni keyinchalik yuqori narxda sotish maqsadida sotib olgan. Natijada u 2 tonnaga yaqin oltin tanga yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.     

Mazlumin joriy yil boshida Eron milliy valyutasi – rial kursi AQSh sanksiyalari kiritilishi mumkinligi bilan bog‘liq holda keskin pasaya boshlagandan keyin yana o‘nlab sheriklari bilan hibsga olingan. 

Eron hukumati energetika, bank, avtomobil va iqtisodiyotning boshqa sohalarini qamrab olgan AQSh sanksiyalariga qarshi tura olishini aytgan. Hukumat mamlakatda tartibni saqlashga intilib, iqtisodiyotga putur yetkazuvchilarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rishga va'da bergan. 

Mavzuga oid