Jahon | 14:41 / 16.11.2018
3957
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: AQShda demokratlar Facebook ustidan nazorat haqida o‘ylashlari kerak

Foto: REUTERS

AQSh vakillar palatasi demokratlar nazorati ostida kongressda Facebook kompaniyasi ishtirokidagi eshituvlarni boshlashi kerak, sababi bu ijtimoiy tarmoq 2016 yilda AQSh prezidentligi saylovlariga «Rossiya aralashuvi» bo‘yicha qanday ma'lumotga egaligini bilib olishning yagona yo‘li, deb yozmoqda The New York Times.

Nashrning aniqlik kiritishicha, ijro hokimiyati tomonidan texnologiyalar sohasi ustidan nazorat o‘rnatilmagan va bunda Facebook misol sifatida keltirilgan. Ta'kidlanishicha, deyarli barcha Amerika saylovlariga aralashuv haqida savol bilan chiqqan 2016 yilgi inqirozdan so‘ng, kompaniya «korporativ mas'uliyat va fuqarolik burchi yo‘qligini» ko‘rsatdi. Kelgusi yildan demokratik ko‘pchilik nazorati ostida yangi tarkibda ishlashni boshlaydigan vakillar palatasi, yaqin ikki yil davomida bunday nazoratni birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak, deb hisoblaydi NYT. Aynan shuning uchun demokratlar kongressda eshituvlar o‘tkazishi va Facebook saylovlarga ta'sir ko‘rsatish borasida qanday ma'lumotga ega ekani haqidagi savolni o‘rtaga tashlashlari lozim.

2016 yil boshida Facebook’da «shubhali rus faolligi» belgilari payqalgan, bu ma'lumot FQBga berilgan, deb eslatadi nashr. Gazetaning yozishicha, AQShda Rossiyaning ehtimoliy aralashuvi bo‘yicha surishtiruv boshlanganidan ikki yil o‘tib ham, Facebook qanday ma'lumotga ega bo‘lgani borasida hech qanday axborot yo‘q. Biroq, 2016 yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng Facebook rahbari Mark Tsukerberg ijtimoiy tarmoqdagi yolg‘on ma'lumot tarqatish kampaniyasi ovoz berish natijalariga qandaydir tarzda ta'sir qilishi mumkinligini rasman rad etdi.

NYT’ning ta'kidlashicha, Tsukerberg fuqarolik burchini bajarish o‘rniga ijtimoiy tarmoq uchun salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida inqirozga qarshi kampaniya bilan shug‘ullana boshladi.

Rossiya 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashganini hamon rad etib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tsukerberg Apple rahbari bilan urishib qolgani, Facebook xodimlariga ayfonlardan foydalanish taqiqlangani xabar berilgandi.

Mavzuga oid