Ochilboy Ramatov: Qozog‘iston O‘zbekistonga alohida munosabatda bo‘lishi bilan shuhrat topgan
Qozog‘iston o‘zining janubiy qo‘shnisi bo‘lgan O‘zbekistonga alohida munosabatda bo‘lishi bilan shuhrat topgan. O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov Chimkentda bo‘lib o‘tgan forum doirasida shunday fikrni bildirdi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.
Qozog‘istonning uchinchi yirik shahri hisoblanuvchi Chimkentda O‘zbekiston yili yakunlariga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro bordi-keldini kuchaytirish, gastronomik turizmga keng e'tibor berish, umuman turizmning turli sohalarida o‘zaro foydali munosabatlarni yo‘lga solish va rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
«O‘zbekistondan Qozog‘istonga keluvchilar, Qozog‘istondan O‘zbekistonga boruvchilar soni ortmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarimizning turistik mahsulotlarimizga bo‘lgan ulkan talabni anglatadi. Shunday ekan, ikki tomonlama turizm forum kun tartibining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi kerak», - deya qayd etdi Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Mamin.
«Qozog‘iston O‘zbekistonga alohida munosabatda bo‘lishi bilan shuhrat topgan. Biz Qozog‘istonning uchinchi eng yirik shahri Chimkentda bo‘lib turganimizdan mamnunmiz. Bizda turizm yaxshi rivojlanmoqda, turli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalar olib borilyapti, ularning natijasi ikki karra yaxshi bo‘lmoqda», - dedi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Ochilboy Ramatov.
Tashkilotchilar va forum qatnashchilarining fikricha, turizm – ikki mamlakat uchun ham juda muhim ahamiyatga egadir. Bu sohani birgalikda rivojlantirish hamda yagona turmahsulotlarini taklif etish borasidagi ishlarni jadallashtirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
O‘zbekiston tomoni Forum doirasida o‘zbek oshxonasi festivalini o‘tkazdi. Anjuman mehmonlariga O‘zbekistonning eng yaxshi 30 oshpazi xizmat ko‘rsatdi. Ular o‘zbek milliy taomlari, shu jumladan 60 kg palov tayyorlab, mehmonlarga tortiq qilishdi. Ta'kidlash o‘rinliki, oshpazlar barcha mahsulotlarni O‘zbekistondan olib borishdi. Qozog‘istonliklar kabob, somsa, kulcha-non va boshqa taomlarning mazasini yuqori baholashib, oshpazlar ishini e'tirof etishdi.
Mavzuga oid
09:40 / 12.11.2024
«Forish» poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
17:25 / 11.11.2024