O‘zbekiston | 13:00 / 16.11.2018
10275
4 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy shaharlarda Duty Free do‘konlarini ochish rejalashtirilmoqda

Foto: EPA

2025 yilgacha turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida biznes uchun katta ishlar hajmi nazarda tutilgan. Mehmonxonalar, restoranlar qurish, transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish – tashabbuslar ro‘yxati bu bilan cheklanmaydi, ularni amalga oshirish uchun tadbirkorlar faol qatnashishi va kreativ yondashishi talab etiladi, deb yozmoqda Norma.  

Katta qurilish

4,5 mingta nomerni o‘z ichiga oladigan va 9,5 mingta kishiga mo‘ljallangan mehmonxonalar va xostellarni qurish ko‘zlanmoqda. Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun quyidagilar rejalashtirilmoqda:

• mehmonxonalar va boshqa turistik infratuzilma obektlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish mexanizmini imkon qadar soddalashtirish;
• xizmatlar sifatini oshirish maqsadida tadbirkorlar uchun mehmonxona biznesida rag‘batlantiruvchi shart-sharoitlarni yaratish;
• jahonga mashhur mehmonxona biznesi brendlarini O‘zbekistonga jalb etishni rag‘batlantirish.

«Oltin halqa» prinsipi bo‘yicha Farg‘ona viloyati turistik salohiyati konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Mintaqaning turistik salohiyati infratuzilma obektlari, shu jumladan mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish punktlari va yo‘llarni qurish orqali rivojlantiriladi.

Barcha turdagi yo‘lovchi transportining respublika ichidagi va xalqaro yangi reyslarini ochgan holda turistlarga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. 

Tanlash imkoni bo‘ladi

O‘zbekistonda eng ommabop turizm turi – arxeologik va arxitektura yodgorliklari bo‘ylab sayohat. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishda mamlakat salohiyatidan foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish niyatida. Ushbu vazifani hal qilishda ham tadbirkorlarning faol ishtiroki talab etiladi. 

Tibbiy, sport, agro- va qishloq turizmi rivojlantiriladi. Aydarko‘l (Jizzax va Navoiy viloyatlari), To‘dako‘l (Navoiy viloyati) va Uchqizil (Surxondaryo viloyati) ko‘llarida dam olish sharoitlari yaxshilanadi.

Qishloq joylarda «turistik mahallalar» paydo bo‘lishi mumkin. Ular sayohatchilarni an'anaviy turmush tarzi, hunarlar, milliy taomlar bilan tanishtirishga mo‘ljallangan qishloq va etnografik turlarga kiritiladi.

«Shoping-turizm»ni rivojlantirish ko‘zlanmoqda. Ushbu loyiha Bojxona kodeksiga bojsiz savdo (Duty Free) do‘konlari faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etadi. Tarixiy shaharlar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz) va mintaqalarning ma'muriy markazlarida ana shunday savdo shoxobchalari paydo bo‘lishi kerak. Brend kiyimlar, kosmetika va aksessuarlar sotiladigan savdo-ko‘ngilochar komplekslari va butiklar tashkil etishni rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston uchinchi mamlakatlar fuqarolari uchun yagona viza joriy etishi mumkin ekani xabar berilgandi.

Mavzuga oid