Jahon | 12:24 / 17.11.2018
6030
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga kelgan sayyoh yana 3 mamlakat turizm salohiyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi

Kelgusida Qozog‘istonga kelgan sayyoh Markaziy Osiyoning yana 3 mamlakati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi. Chimkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Qozog‘iston Ⅰ mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida shunday fikrlar bildirildi va maxsus loyiha taqdimot qilindi. Forum Qozog‘istonda O‘zbekiston turizm yili munosabati bilan tashkil etildi. Mazkur tadbir ikki mamlakat tadbirkorlari to‘plangan biznes-forumdan boshlandi, deb xabar qilmoqda KUN.UZ muxbiri.

Anjumanda YuNeSKOning Olmaotadagi klaster byurosi rahbari Krista Pikkat, Butunjahon sayyohlik tashkilotining Ipak yo‘li loyihasini rivojlantirish bo‘yicha rahbari Alla Peresolova, Travel Hunter (RF) turistik kompaniyasi bosh direktori Margarita Polonik, hamda Ipak yo‘li mamlakatlari biznes vakillari ishtirok etishdi.  

Ishtirokchilar qizg‘in bahs-munozaralarda Ipak yo‘li mamlakatlarining o‘zaro manfaatli hamkorligi, Markaziy Osiyo turmahsulotlarini Rossiya va Yevropa mamlakatlarida targ‘ib qilish masalalarini muhokama qilishdi. Osiyo taraqqiyot bankining Qozog‘istondagi vakolatxonasi vakili Markaziy Osiyodagi iqtisodiy yo‘laklar bo‘yicha loyihalari turizm sohasidagi mintaqalararo loyihalar rivojiga turtki bo‘lishini bildirdi. 

Forum oxirida Ipak yo‘li uzra yangi transmilliy sayohat (Qozog‘iston-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Tojikiston) loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyihaga binoan, ishtirokchi davlatlarning birortasiga kelgan sayyoh o‘sha davlat vizasi bilan qolgan 3 davlatga sayyoh sifatida borishi mumkin bo‘ladi. 

Biznes-forumda O‘zbekiston va Qozog‘istonning mashhur rassomlari ham ishtirok etib, o‘z ishlarini taqdim qilishdi. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid