Iqtisodiyot | 20:32 / 20.11.2018
5619
3 daqiqa o‘qiladi

JSST O‘zbekiston tibbiyotidagi tizimli islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi

JSST O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni kompleks isloh qilish va 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ko‘maklashuvchi uzoq muddatli strategik dastur – Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini​ to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti(JSST)ning Yevropa mintaqaviy byurosi va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni isloh qilish” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ma'lum qilindi.

Konferentsiya doirasida Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Anjumanda sog‘liqni saqlashni isloh qilish bo‘yicha 2025 yilgacha mo‘ljallangan 7 yillik rivojlantirish konsepsiyasi mazmun-mohiyati muhokama qilindi. Jumladan, sog‘liqni saqlashning boshqarish va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, davlat-xususiy sherikchilik va tibbiy turizmni rivojlantirish, shuningdek, kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va tibbiyot fanini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga e'tibor qaratildi. Bundan tashqari, birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish, aholi sog‘ligini mustahkamlash va farovonligini oshirish yo‘lida barcha davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.

Konferentsiyada so‘zga chiqqan JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab immunizatsiya yoki vaksinatsiya borasidagi ishlarga qaratilayotgan e'tibor, hattoki, Yevropaning ayrim rivojlangan mamlakatlarida ham amalga oshirilmaganini aytib, islohotlarni bardavom bo‘lishini tiladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘z chiqishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlashda barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishish va aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishda sodiq ekaniga urg‘u berdi.

Mavzuga oid