Dubay hukmdori rossiyalik ayolning 228 ming dollarlik qarzini to‘lab berdi
Dubay shayxi, BAA bosh vaziri Muhammad bin Rashid Al-Maqtum BAAni tark eta olmayotgan rossiyalik sayyoh ayol Anastasiya Popovaga yordam qo‘lini cho‘zdi. Ayolning onasi o‘zga yurtda dam olish vaqtida betob bo‘lib qolib, kasalxonaga tushib qolgan. Ammo barcha urinishlarga qaramay, ayol vafot etgan. Uning o‘limidan keyin qiziga xususiy shifoxonada davolanganlik uchun katta miqdorda xizmat haqi taqdim qilingan. Ayolga tegishli summani to‘lamaguncha, mamlakatni tark etishga ruxsat berilmagan.
Gulf News nashrining ma'lum qilishicha, Dubay hukmdori rossiyalik ayolning qarzini to‘lab berishga qaror qilgan. Endi 34 yoshli ayol onasining jasadi bilan yurtiga qaytib keta olish imkoniga ega bo‘ldi.
Shuningdek, shayx marhumaning jasadini yurtiga yetkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar va uning oila a'zolariga aviachiptalar narxini to‘lab berishni o‘z zimmasiga olgan.
Ma'lum qilinishicha, 57 yoshli tez yordam dispetcheri Natalya Popova qizi va ikki qiz nabirasi bilan BAAga dam olgani borgan. Kunlardan birida u o‘zini yomon his qilib, bu haqida qiziga ma'lum qilishi bilan hushidan ketgan. Shifokorlar uning aortasi uzilganini qayd qilishgan. Bir necha shifoxona ayolni davolash ilojsiz deb hisoblab, uni qabul qilishdan bosh tortgan, biroq oxir-oqibat xususiy klinikalardan biri operatsiya o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Shifokorlarning barcha urinishlariga qaramay, ayol vafot etgan.
Anastasiyaning aytishicha, shifoxona o‘z xizmatlari uchun 228 ming dollarlik haq taqdim qilgan. Sug‘urta kompaniyasi ushbu pullarni to‘lab bermagan va umuman murojaatlarga javob bermay qo‘ygan. Ayolning ikki qizini turmush o‘rtog‘i kelib, o‘zi bilan olib ketgan.
Ayolga haqni to‘lab bermaguncha mamlakatni tark etish va onasi jasadini olib ketishga ruxsat berilmagan. Shundan keyin ayol Tambov gubernatoriga yordam so‘rab murojaat qilgan. Shuningdek, muammoni hal qilishda Rossiya tashqi ishlar vazirligi ishtirok etgan.
Tambov gubernatori Aleksandr Nikitin ayolga ko‘rsatilgan yordam uchun Dubay hukmdoriga minnatdorlik xati jo‘natgan. U, shuningdek, ayolning boshiga tushgan murakkab vaziyatning hal qilinishida Rossiyaning Dubaydagi bosh konsuli Oleg Fominning xizmati katta bo‘lganini qayd qilib o‘tgan.
Mavzuga oid
09:45 / 10.09.2024
Jizzaxda uch aka-uka shifoxonada bezorilik qildi
12:46 / 09.08.2024
Qashqadaryoda yo‘qolib qolgan ayolning jasadi shifoxonadagi lift shaxtasidan topildi
14:32 / 25.07.2024
«Zangiota-2» o‘rnida Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasi tashkil etiladi
19:13 / 09.07.2024