O‘zbekiston | 11:27 / 26.11.2018
4957
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xorijiy kinokompaniyalar ishtirokida film ishlab chiqarish tartibi belgilanadi

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy mamlakatlar kinokompaniyalari ishtirokida film ishlab chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, hamkorlikda film ishlab chiqarish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti va “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshirilsa, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 12 iyundagi 169-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq beriladigan ruxsatnomani olish talab etilmaydi.

Quyidagilarga ko‘ra:

film O‘zbekiston Respublikasi hududida yoki boshqa davlatlarning hududida hamprodyuserlarning birgalikdagi ijodiy, texnik va moliyaviy resurslari qo‘shilgan holda ishlab chiqarilgan bo‘lsa;

film hamprodyuserlarning hududida ro‘yxatdan o‘tmagan uchinchi shaxslarning ishtirokida birgalikda ishlab chiqarilgan, bunda uchinchi shaxslarning filmni ishlab chiqarishdagi ulushining miqdori umumiy xarajatlarning 30 foizidan oshmagan bo‘lsa;

film ishlab chiqarishda hamprodyuserlarning qo‘shadigan eng kam hissasi filmni ishlab chiqarish umumiy xarajatlarining 20 foizidan kam bo‘lmasligi, eng ko‘pi 80 foizdan oshmagan bo‘lsa;

hamprodyuserlarning kelishuviga ko‘ra, filmni hamkorlikda ishlab chiqarish uchun   uchinchi davlatdan boshqa prodyuser jalb qilingan hollarda uchinchi shaxslarning hissasi filmni ishlab chiqarish umumiy xarajatlarining
30 foizdan oshmagan bo‘lsa;

hamprodyuserlarda filmdan birgalikda foydalanish tartibini belgilovchi shartnomalarning mavjudligi, bunda hamprodyuserlar o‘rtasida hududlar (film prokati amalga oshiriladigan mamlakatlar) va kinoprokatidan tushadigan daromadlarning o‘zaro taqsimlanishi kabi qoidalar nazarda tutilgan bo‘lsa, film hamkorlikda ishlab chiqarilgan hisoblanadi.

Agar hamkorlikda film ishlab chiqarish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalarda hamprodyuserlar o‘rtasidagi rasmiy kelishuvlarda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnomalar qoidalari qo‘llaniladi.

Hamkorlikdagi filmni ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun hamprodyuserlar “O‘zbekkino” Milliy agentligiga quyidagi hujjatlar va materiallarni taqdim etadi:

a) ariza;
b) ssenariy va film to‘g‘risida qisqacha ma'lumot;
v) ariza beruvchi tomonidan hamkorlikdagi film ishlab chiqarish uchun jalb etiladigan xorijiy kinokompaniya bilan filmni hamkorlikda ishlab chiqarish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;
g) fuqaroligi, kasbi va mansabi to‘g‘risida ma'lumotlar aks ettirilgan filmni tasvirga olish guruhi va asosiy rollardagi aktyorlarning ro‘yxati; 
d) ssenariy muallifi va film rejissyori bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
ye) filmni tasvirga olish tijorat rejasi;
yo) film yozilgan elektron axborot tashuvchilar.

Hamprodyuserlardan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagi hollarda:

a) agar film ssenariysida:

milliy, irqiy, etnik yoki diniy dushmanlikni targ‘ib etuvchi;

fuqarolarning milliy mansubligi, diniy e'tiqodlari munosabati bilan ularning qadr-qimmatini kamsituvchi, haqorat qiluvchi yoki axloq normalariga
va milliy mentalitetga zid bo‘lgan;

O‘zbekiston Respublikasi xalqlarining tarixi, madaniyati, an'analari
va urf-odatlarini nohaqqoniy yoki buzib aks ettiruvchi;

ekstremizm va terrorizm g‘oyalarini, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi;

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy yoki boshqa javobgarlikka olib keluvchi pornografik va boshqa xususiyatga ega bo‘lgan sahnalar mavjud bo‘lsa;

b) hamprodyuserdlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma'lumotlar mavjud bo‘lsa hamkorlikda hamkorlikdagi filmni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash rad etilishi mumkin. 

Hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash quyidagicha amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan Agentlik uchun davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlari doirasida mablag‘ ajratish yo‘li bilan;

Agentlik huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratish orqali;

hamprodyuserlarga hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishda moddiy-texnika bazasini shakllantirishga ko‘maklashish orqali amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid