Jahon | 21:20 / 27.11.2018
6923
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada kamorraning 15 yil yashirinib yurgan yetakchisi qo‘lga olindi

Foto: Globallookpress

Italiyaning Neapol shahri karabinerlari 27 noyabr ertalab mahalliy jinoiy tashkilot – kamorraning yetakchilaridan biri, 2003 yildan beri qochoqlikda yurgan Antonio Orlandoni hibsga olishdi.    

60 yoshli Orlando Italiyada eng qidiriluvchi jinoyatchilardan biri bo‘lgan. Unga nisbatan Italiya jinoyat huquqida eng og‘ir ayblovlardan biri sanaluvchi – mafioz strukturasini tashkillashtirish uchun hibsga olish bo‘yicha ikkita order berilgan.

Ma'lum qilinishicha, Orlando uchta alohida guruhdan iborat bo‘lgan kamorra klaniga yetakchilik qilgan. Bu guruhlar Neapolning shimoli yaqinidagi hududlarda harakat qilgan. Orlando shu hududlardan birida qo‘lga olingan. U bir joyda ko‘p qolmasligi va izlarni yo‘qotishga ustamonligi evaziga uzoq yillar politsiyadan yashirinib yurishga muvaffaq bo‘lgan.   

Jinoyatchi Italiya janubiga yirik partiyadagi giyohvand moddalar yetkazilishini  boshqargan. Yuqori sifatli nasha Marokashdan tonnalab olib kelingan va giyohvand moddalar bozorida “ayfon” nomi bilan ma'lum bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid