Maqsad - g‘allachilikda yer maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish: Hukumat qaroriga sharh

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga sharh berildi.
Keyingi yillarda davlat xaridi uchun boshoqli don mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo qishloq xo‘jaligining mazkur muhim tarmog‘idagi real holat tahlili yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini, o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, boshoqli don ekinlari ekish uchun yerlarning sifatsiz tayyorlanishi, agrotexnika qoidalariga rioya qilinmaslik, ayniqsa, ekin-tikin ishlarining kechiktirib yuborilishi, talab qilingan moddiy-texnika resurslari o‘z vaqtida yetkazib berilmasligi oqibatida kutilgan hosil olinmayapti.
Joylardagi mas'ullar va fermerlar tomonidan kontraktatsiya shartnomasi majburiyatlari bajarilmayotgani, hosildorlikni oshirish va qo‘shimcha daromad olish yuzasidan yetarlicha choralar ko‘rilmayotgani ham ayni haqiqat.
Qolaversa, yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish, hosildorlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga nisbatan esa keskin choralar ko‘rish tartibi ishlab chiqilmagani sug‘oriladigan unumdor yer maydonlaridan foydalanish samaradorligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Vazirlar Mahkamasining «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori soha ravnaqida to‘g‘anoq bo‘layotgan ushbu muammolarni bartaraf etish va uni sifat jihatidan yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Qarorda davlat xaridi uchun boshoqli don yetishtirish bo‘yicha amaldagi tartibdan mutlaqo farq qiladigan yangi tizim va mexanizmlar joriy etilishi nazarda tutilgani uning tarixiy ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Xususan, unga ko‘ra, 2019 yil hosili uchun sug‘oriladigan va lalmi maydonlarga ekilgan boshoqli don ekinlari yalpi hosilining prognoz hajmlari tasdiqlanib, sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish «yerga nisbatan xiyonat» deb baholanishi va yer ijara shartnomasi bekor qilinishigacha choralar ko‘rilishi belgilandi.
Yana bir yangilik 2019 yildan e'tiboran O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti parametrlariga sug‘oriladigan yerlarda boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga yagona yer solig‘ini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlikka qarab koeffitsiyentlar qo‘llash tartibi kiritilganidir.
Ya'ni, gektaridan o‘rtacha 30 sentner va undan past hosil olinganda 2 barobar, hosildorlik 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida esa 1,5 barobar ko‘paytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi. Mazkur tartib g‘alla yetishtiruvchilarni oltinga teng bo‘lgan sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish borasidagi mas'uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Ma'lumki, bugungi kunga qadar davlat xarididan ortiqcha yetishtirilgan boshoqli don mahsulotining aniq hisobi yuritilmas, bu esa respublika yalpi don hajmi va aholini ushbu turdagi mahsulotlar bilan ta'minlash darajasini real baholash imkonini bermas edi. Shu ma'noda, qarorda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan yalpi g‘alla hosili hisobini yuritish tartibini tasdiqlash masalasi e'tibordan chetda qolmagani diqqatga sazovor.
Qarorga muvofiq, sohada yana ko‘plab tub o‘zgarishlar ro‘y beradi. Xususan:
- yetishtiriladigan bug‘doyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining o‘rtacha narxi 1 mln. 200 ming so‘m yoki joriy yildagiga nisbatan 1,6 barobar yuqori darajada belgilandi, bu esa tabiiyki, mahsulot yetishtiruvchilarning moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi;
- davlat xaridi uchun yetishtirilgan mahsulotlarni tabaqalashtirilgan narxlarda, ya'ni ustama va chegirmalar qo‘llagan holda sotib olish tartibi joriy qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘alla xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llaniladi.
Bunda, xarid narxiga boshoqli don hosildorligi har gektaridan
- 41 sentnerdan 50 sentnergacha bo‘lganida – 10 foiz (120 ming so‘m),
- 51 sentnerdan 60 sentnergacha bo‘lganida –20 foiz (240 ming so‘m),
- 61 sentner va undan yuqori bo‘lganida – 25 foiz (300 ming so‘m) ustama qo‘llaniladi.
Aksincha, davlat xaridi narxlari hosildorlik har gektaridan:
- 30 sentner va undan kam bo‘lganida – 25 foiz (300 ming so‘m),
- 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida –15 foiz (180 ming so‘m) chegirma bilan hisob-kitob qilinadi.
Mazkur tartibning qo‘llanilishi dehqon va fermerlarning hosildorlikni oshirib borishga bo‘lgan intilishini kuchaytirish, moddiy jihatdan rag‘batlantirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
G‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tizimini ham takomillashtirish nazarda tutilgan.
Agar amaldagi tartibga ko‘ra, imtiyozli kredit davlat xaridi uchun yetkazib beriladigan boshoqli don qiymatining 60 foizigacha ajratilib kelingan bo‘lsa, yangi tartibda 100 foizigacha (tayyorlov korxonasi tomonidan bo‘nak tariqasida yetkazib berilgan urug‘lik qiymatini inobatga olgan holda) beriladi.
Moliyalashtirish tizimidagi ushbu o‘zgarish fermer xo‘jaliklarining aylanma mablag‘ taqchilligiga barham berish bilan birga, ular tomonidan resurs va xizmatlar uchun to‘lovlarni oldindan amalga oshirish, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, g‘alla yetishtirish hajmini ko‘paytirish, pirovardida yuqori daromad olish imkonini beradi.
Yana bir muhim jihat, mazkur qarorda oldindan bilish, oqilona choralar bilan oldini olish mumkin bo‘lmagan favqulodda xususiyatga ega hodisalar (qurg‘oqchilik, tabiat hodisalari va boshqa fors-major holatlar) oqibatida boshoqli don ekinlaridan kutilgan hosil olinmagan taqdirda hamda ushbu holatlar Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha hududiy komissiya tomonidan tasdiqlanganda, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don xarid narxida hisob-kitob qilinishi belgilandi.
Vaholanki, shu paytga qadar mahsulot yetishtiruvchilar turli tabiiy ofatlardan yetarli darajada himoyalanmagan edi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, sug‘oriladigan maydonlarda 2019 yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash bo‘yicha agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan «yo‘l xaritalari» qabul qilindi.
Boshoqli don yetishtirishda agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida sifatli o‘tkazish va kafolatlangan hosil olishni tizimli tashkil etish bo‘yicha esa Respublika Ishchi guruhlarining tarkibi tasdiqlandi.
Ular zimmasiga «yo‘l xaritalari»dan kelib chiqib, har bir fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshiriladigan agrotexnika tadbirlari rejasini alohida yozma ravishda tayyorlab yetkazish va uning ijrosini ta'minlash vazifasi yuklatildi.
Boshoqli don yetishtirish va o‘rib-yig‘ib olish bilan bog‘liq agrotexnika yumushlarining o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi, moliyaviy va moddiy-texnika resurslarini to‘liq hajmda va o‘z vaqtida yetkazib berilishi, yakuniy hisob-kitoblar 2019 yil 1 sentabrga qadar to‘liq amalga oshirilishi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarning shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, ichki bozorda bug‘doy, un va non mahsulotlari narxlari keskin oshib ketishining oldini olish, narx barqarorligini ta'minlash hamda bug‘doyni qayta ishlash sohasida raqobatni kuchaytirish, davlat xaridi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar hajmi va ularning narxini belgilash, xorijiy davlatlar tajribasini tahlil qilgan holda, davlat xaridi uchun yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi nazarda tutildi.
Ushbu qarorning izchil ijrosi, shak-shubhasiz, g‘allachilikda yer maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish, fermer xo‘jaliklari mas'uliyatini yanada oshirish hamda ularni moddiy manfaatdorligini oshirish tizimini joriy qilish imkonini beradi.
Tavsiya etamiz
O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
O‘zbekiston | 11:20 / 14.03.2025
Putin AQSh va Ukrainaning 30 kunlik otashkesim taklifiga rozi bo‘ldi
Jahon | 23:00 / 13.03.2025
“Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi davlatlar bor” – tarmoqdagi dolzarb mavzu haqida suhbat
O‘zbekiston | 15:17 / 13.03.2025
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30 / 13.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Litva NATO yadro qurolini o‘z hududida joylashtirishga tayyor
Jahon | 12:05
-
Keniyada prezident korteji britaniyalik erkakni urib ketib, uning o‘limiga sabab bo‘ldi
Jahon | 11:40
-
Ozarboyjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida yashil energiya to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi
O‘zbekiston | 11:37
-
Hududlarda aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 11:34
Mavzuga oid

14:29 / 10.03.2025
“Chigit ekish muddatini majburan belgilab berish noto‘g‘ri” - mutaxassislar

17:10 / 04.03.2025
“Tolibon”ning Qo‘shtepa kanali. Buning O‘zbekistonga ta’siri qanday bo‘ladi?

20:26 / 03.03.2025
Kambag‘allikni qisqartirishda Hindiston tajribasi: muqobil yo‘l topildi

20:37 / 25.02.2025