Jamiyat | 08:53
545
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Italiya fermer xo‘jaliklarida ishlashi mumkin bo‘ladi

Italiyada o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun qishloq xo‘jaligi sohasida ishlash imkoniyatlari yaratilmoqda. Maxsus o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan fuqarolar Italiya fermer xo‘jaliklarida mehnat faoliyatini olib borishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Dunyo

Bu haqda Italiyaning Confagricoltura qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi vitse-prezidenti Luka Brondelli di Brondello birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi doirasida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Italiya tomoni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Migratsiya agentligi bilan hamkorlikni tobora kengaytirmoqda.

“Hamkorlikda amalga oshirayotgan dasturimiz O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislarini tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu kurslarni tugatgan ishtirokchilar Italiyadagi fermer xo‘jaliklarida ishlash imkoniga ega bo‘ladi”, — dedi Luka Brondello.

Uning ta’kidlashicha, Italiyada oziq-ovqat va vinochilik sohasi jadal rivojlanmoqda va mamlakatga malakali kadrlar kerak.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonda yoshlarni yangi texnologiyalar va zamonaviy agrar yechimlar bo‘yicha o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Loyiha doirasida ishtirokchilar italyan tilini o‘rganmoqda hamda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Dastlab traktor boshqaruvi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Brondelloning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy traktorlar sun’iy yo‘ldosh tizimlari va raqamli texnologiyalar bilan ishlaydigan yuqori texnologik texnikalar hisoblanadi. Shu bois, bo‘lajak mutaxassislar O‘zbekistonning o‘zidayoq zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda.

U, shuningdek, Italiya bosh vaziri Jorja Melonining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida bu sohada muhim kelishuv imzolanganini ham qayd etdi.

Luka Brondello O‘zbekistonning ochiqlik siyosati va mehnat migratsiyasini tizimli tarzda rivojlantirayotganini yuqori baholab, bunday hamkorlik har ikki davlat uchun foydali ekanini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid