Jahon | 00:06 / 27.11.2018
26093
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar global isishga qarshi kurashish uchun quyoshni to‘sishni taklif qilishdi

Garvard va Yyel universiteti olimlari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun “ajabtovur” yechimni taklif qilishdi: ularning fikricha, global isishni “jilovlash” uchun shunchaki quyoshni biroz “to‘sish” kerak. Bu haqda Stern nashri xabar bermoqda.

Environmental Research Letters nashrida chop etilgan tadqiqotda quyosh nurining sayyoramizga tushishini kamaytirish uchun stratosferada kimyoviy moddalarni sochish imkoni ko‘rib chiqilgan. Bu yechim doirasida 20 km balandlikda sulfatlarni sochish taklif qilingan.

Moddalarni sochish samolyotlar yordamida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Biroq, olimlarning ta'kidlashicha, ayni vaqtda katta miqdorda kimyoviy moddalarni socha oladigan samolyot mavjud emas.

Olimlar dasturni 15 yildan keyin boshlash uchun zarur bo‘ladigan xarajatlar qiymatini 3,5 mlrd dollarga baholashgan. Dasturni ilk 15 yil ichida amalga oshirish bilan bog‘liq joriy xarajatlar 2,25 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi. 

“Olimlar loyihani amalga oshirish uchun ko‘plab davlatlar ovoz berishini ko‘proq muammo deb hisoblashmoqda. Ehtimoliy xatarlar davlatlarning nuqtai nazarlari va ushbu usulning ob-havoga nomaqbul ta'siridan iborat: buning oqibatlari hosilning nobud bo‘lishi, qurg‘oqchilik va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari bo‘lishi mumkin”, deyilgan maqolada.

Boshqa olimlar bu g‘oyaga shubha bilan qarashmoqda. Misol uchun, Lozannadagi politexnika maktabi olimi Filipp Talmanning fikricha, quyosh nurlari bilan turli “manipulyatsiyalar sodir etish” issiqxona gazlari miqdorini kamaytirishdan qimmatroqqa tushadi va xavfliroqdir.

Mavzuga oid