Jahon | 19:00 / 29.11.2018
3278
3 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada O‘zbekiston turizmini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi sayyohlik elchisiga diplom topshirildi

Foto: Kamil Yenikeyev

29 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Ichan qal'a” mehmonxonasining anjumanlar zalida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimxo‘jayev Eko Shri Margiantiga «Indoneziyadagi O‘zbekiston turizmini rivojlantirish bo‘yicha sayyohlik elchisi» rasmiy diplomini topshirdi, deya xabar beradi Qo‘mita matbuot xizmati. 

Tadbir dasturida O‘zbekiston bilan Indoneziya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, Indoneziyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ilgari surish hamda  turizm va oliy ta'lim sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Ta'kidlash joizki, joriy yilning 10 fevralidan e'tiboran vizasiz kirish tartibi joriy qilingan mamlakatlar orasida Indoneziya ham bor edi. 

Turizm sohasini rivojlantirish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sohada yetuk va tajribali mutaxassislar tayyorlashdagi hamkorlikni rivojlantirish va qolaversa, yurtimizning turizm salohiyatini chet elda keng targ‘ib etish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan yangicha yondashuv asosida «Tourism brand Ambassador of Uzbekistan (O‘zbekiston turizmini rivojlantirish bo‘yicha sayyohlik elchisi)» instituti joriy qilina boshlandi. Bugunga  kelib Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda O‘zbekiston turizmini rivojlantirish bo‘yicha sayyohlik elchilari tayinlangan.

Shu maqsadda Indoneziyada O‘zbekiston turizmini rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasining faxriy lavozimiga Indoneziyaning eng yirik xususiy universiteti Gunadarmaning rektori va Indoneziyadagi “Indoneziya-O‘zbekiston Do‘stlik hamjamiyati” raisi, professor Eko Shri Margianti tayinlandi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Eko Shri Margianti Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faxriy professori unvoniga sazovor bo‘lgan. So‘nggi uch yil mobaynida o‘zbek olimlari bilan birgalikda ikkita monografiya va o‘ndan ortiq ilmiy maqolalar chop etgan. Monografiyalar asosan Indoneziyadagi bosmaxonalarda nashr etilgan.

Indoneziya aholisi jihatdan eng ko‘p musulmonlar yashaydigan mamlakatdir va bu davlatning fuqarolari O‘zbekistonning islom madaniyati merosiga katta qiziqish bilan qarashadi. 

Shu bilan birga, Indoneziya davlati O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda keng reklama kampaniyasini olib borayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid