09:40 / 29.11.2018
7171

Rekord navbati endi Messiga: u ikkita to‘purarlik ko‘rsatkichi bo‘yicha YeChLda Ronaldudan o‘zib ketdi

Foto: Getty Images

Chempionlar ligasi 5-turi yakunida musobaqaning guruh bosqichi to‘purari nomi o‘zgardi.

Bu turda «Barselona» Eynhovenda PSV mehmoni bo‘lib, 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan ortga qaytdi. O‘yinning 61-daqiqasida Lionel Messi hisobni ochdi va YeChL guruh bosqichlaridagi 66-o‘yinida 66-golini urdi.

Shu tariqa, Messi «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldudan o‘zib ketib, nufuzli turnir guruh bosqichlari tarixida yakka to‘purar bo‘lib oldi.

Shu bilan birga, Messi bir klub safida YeChLda urilgan gollar soni bo‘yicha ham Ronalduni ortda qoldirdi:

Messining «Barselona» safida YeChLdagi natijalari: 128 o‘yin, 106 gol va 4ta bosh sovrin.
Ronalduning «Real» safida YeChLdagi natijalari: 101 o‘yin, 105 gol va 4ta bosh sovrin.

YeChL final bosqichi to‘purarlari ro‘yxatini esa uzoq vaqtdan buyon Ronaldu boshqarib kelayotganini qo‘shimcha qilish kerak. Uning hisobida 121ta, Messida esa yuqori ta'kidlangan 106ta gol bor. Keyingi o‘rinlarni Raul (71), Karim Benzema (59) va Ruud van Nisterloy (56) band etgan.

Eslatib o‘tamiz, Leo bu mavsum 6ta gol bilan YeChL to‘purari bo‘lib turibdi. U 5-turning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgan, bundan avval ikki marta shunday e'tirof sohibi bo‘lgan.

Va yana eslatib o‘tamiz, shu tur doirasida kecha Krishtianu ham YeChL rekordini o‘rnatgan, u musobaqada 100ta g‘alabali o‘yin o‘tkazgan ilk futbolchi sifatida tarixga kirgan edi. 7-raqam egasi bu mavsum Chempionlar ligasida 1+1 mahsuldorlik natijasini qayd etgan bo‘lib, bu bilan statistik jihatdan eng samarasiz o‘yinchilar ro‘yxatida uchinchi o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid
Top