O‘zbekiston | 22:05 / 29.11.2018
10588
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Xorazmga turistlarni jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva temir yo‘l vokzali bilan «Ichan-qal'a» majmuasi o‘rtasida barpo etilayotgan xiyobonni ko‘zdan kechirdi.

«Bu ham davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chog‘ida berilgan topshiriq ijrosi bo‘lib, Xivaga yangicha qiyofa bag‘ishladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Xiyobonning ikki tarafida ikki qavatli turizm obektlari qurilgan. Ularning birinchi qavatida hunarmandchilik ustaxonalari, savdo va maishiy xizmat do‘konlari, ikkinchi qavatida oilaviy mehmonxonalar, restoranlar tashkil etilgan. Bu xiyobon va shoxobchalar sayyohlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish bilan birga odamlar uchun ish o‘rni, daromad manbai ham bo‘ladi.

Prezident shu yerda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish, Xiva shahrining tarixiy qismini batafsil rejalashtirishga oid loyihalar bilan tanishdi.

Ularda mamlakatimizda xalqaro brenddagi mehmonxonalar bunyod etish, savdo va servisni kengaytirishga qaratilgan rejalar taqdim etildi.

Shavkat Mirziyoyev xorijlik ishbilarmonlar bilan suhbatlashib, ularning investitsiya takliflari bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

«O‘zi biznes nima degani? Manfaat degani. O‘zbekistonda turizm juda manfaatli, istiqbolli soha. Shuning uchun bu sohaga tadbirkorlarni, investorlarni ko‘proq jalb etib, ularga «yashil yo‘lak» qilib berish kerak», - degan davlat rahbari.

Xiva yaqinida ko‘p qavatli uylar qurib, shaharning tarixiy qismida yashayotgan aholini bosqichma-bosqich ko‘chirish, qal'a ichidagi uylarni sayyohlik obektlariga aylantirish zarurligi ta'kidlandi.

«Biz chet ellik turistlarni qadimiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan jalb qilishimiz mumkin. Lekin Xorazmning, Xivaning tarixi to‘liq o‘rganilmagan, uni tanishtirish bo‘yicha tizim ham yo‘q. Shuning uchun Xorazm tarixini eng qadimgi davrdan boshlab yilma-yil o‘rganib, odamlarga sodda tilda tushuntirishni yo‘lga qo‘yish kerak. Muhim davrlar va voqealar, har bir xon hayoti bo‘yicha shou-rumlar tashkil etib, sayyohlarni qiziqtirish zarur. Xivaga kelgan odam katta taassurot, bilim olib ketsin, bu yerda ko‘proq qolib vaqtini mazmunli o‘tkazsin», degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Xorazm Ma'mun akademiyasi, Turizm qo‘mitasi va boshqa tegishli tashkilotlarga shu bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Mavzuga oid