Sport | 22:06 / 30.11.2018
15191
2 daqiqa o‘qiladi

XOQ 2020 yilgi Olimpiadada boks musobaqasi o‘tkazilishini muzlatib qo‘ydi 

Foto: wikipedia

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi Tokioda 2020 yilda o‘tuvchi yozgi Olimpiadada boks musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha rejalarni muzlatib qo‘ydi. 

Bu qaror Xalqaro havaskorlik boksi uyushmasiga (AIBA) nisbatan olib borilayotgan tergov va uning amaldagi rahbariyatidan norozilik bilan bog‘langan.

XOQ AIBA rahbari lavozimiga AQSh moliya vazirligi sanksiyalari ostiga tushgan G‘ofur Rahimovning saylanganidan norozi bo‘lmoqda. 

Shuningdek, uyushmaga nisbatan uning moliyaviy va aksildoping faoliyati bo‘yicha tergov boshlangan. 

XOQ qaror doirasida AIBA’ni moliyalashtirish, chiptalar sotish, kvalifikatsiya va saralash tizimini tasdiqlash va tatbiq qilishni to‘xtatib qo‘ygan. Shu bilan birga XOQ sportchilar manfaatlarini himoya qilish va musobaqaning o‘tkazilishi uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishga va'da bergan.

Bundan tashqari, XOQ huzurida uyushmaning hisobotini batafsil o‘rganib chiquvchi va ehtimoliy sanksiyalar bo‘yicha tavsiyalar ro‘yxatini tuzuvchi maxsus qo‘mita tashkil etildi.

2020 yilgi Olimpiadada boks musobaqasi o‘tkazilishi yoki o‘tkazilmasligi bo‘yicha yakuniy qaror XOQning 2019 yilda Lozannada o‘tadigan keyingi sessiyasida qabul qilinadi.

Mavzuga oid