Jahon | 07:51 / 30.11.2018
7762
3 daqiqa o‘qiladi

Merkelning samolyoti texnik nosozlik sababli ortga qaytarildi. Kantsler G20 sammitining birinchi kunini o‘tkazib yuboradi

Foto: Global Look Press / dpa / Michael Kappeler

Germaniya kansleri Angela Merkel Buenos-Ayresga “Katta yigirmatalik” sammitiga uchayotgan vaqtda samolyoti Kyolnda majburiy qo‘ndirildi.

“Kantslerning Airbus “Konrad Adenauer” samolyotidagi texnik nosozlik sababli kansler Angela Merkel payshanba kuni kechki vaqt Berlindan G20 sammitiga parvozini qoldirishga majbur bo‘ldi”, deyilgan xabarda.

Dpa axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilgandan bir soat o‘tib, Niderlandiyadan ortga qaytib, Kyolnda qo‘ngan. 

Foto:EPA

Merkelning o‘zi nima bo‘layotganini darhol anglamagan. U Germaniyaning o‘zida nimadir sodir bo‘ldi, deb o‘ylagan. Ma'lum qilinishicha, Merkel dastlab nosozlik haqida bortkuzatuvchilarning biridan xabar topgan va voqea Germaniyaning o‘zida sodir bo‘lgan, deb o‘ylagan.

Kantslerning aytishicha, ushbu voqea hukumat laynerlarining ishonchsizligi haqida gapirmaydi.

“Yagona holat butun tizimni o‘zgartirishimizga majbur qilmasligi kerak”, deb aytgan kansler “Hukumat laynerlari bilan yuz bergan bir qator voqealardan keyin ularning xavfsizligi haqida o‘ylash vaqti kelmadimikin?” degan savolga javoban.

Samolyot bilan qanday nosozlik yuz bergani ma'lum qilinmagan.

Foto: Reuters / Andreas Rinke

Bu Germaniya hukumat laynerlari bilan yuz berayotgan bunday birinchi noxush voqea emas. 2017 yil fevralida mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayyen Litvaga kelgan harbiy-transport samolyot buzilib qolgandi. O‘sha yilning martida Merkelning Qohiraga reysi texnik nosozlik sababli bekor qilingandi.

Ta'kidlanishicha, Merkel Buenos-Ayresga parvozini 30 noyabr ertalab davom ettiradi. Argentina OAV ma'lumotlariga ko‘ra, shu sababli kansler sammitning birinchi kunini o‘tkazib yuboradi. 

Ma'lum qilinishicha, Merkel jumaga o‘tar tunni Kyolndagi mehmonxonada o‘tkazib, so‘ngra ertalab moliya vaziri Olaf Sholts va nemis delegatsiyasining qolgan a'zolari bilan Madridga jo‘naydi, u yerdan esa muntazam reys bilan Buenos-Ayresga uchib ketadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid